Dori vositalari va biologik preparatlar sifatini nazorat qilish milliy tizimini takomillashtirish doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz laboratoriyalari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning nufuzli global tarmoqlariga affillangan a’zo maqomida qabul qilindi.
Xususan, Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi JSSTning WHO Global Network of National Quality Control Laboratories for Pharmaceuticals (WHO-GNP) global tarmog‘iga affillangan a’zo sifatida qo‘shildi.
Shuningdek, Vaksinalar, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi JSSTning WHO Global Network of National Control Laboratories for Biologicals (WHO-NNB) global tarmog‘iga affillangan a’zo maqomini oldi.
Ushbu tarmoqlarda ishtirok etish milliy laboratoriyalarni xalqaro sifat nazorati tizimiga integratsiya qiladi, JSST tomonidan uyg‘unlashtirilgan metodika va standartlarni amaliyotga joriy etish imkonini beradi. Bu esa laboratoriya sinovlari natijalarining ishonchliligi va taqqoslanish darajasini oshiradi, shuningdek ekspert va metodologik ko‘mak olish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Affillangan a’zo maqomining berilishi Markaz laboratoriya salohiyatining izchil rivojlanayotganini ko‘rsatadi hamda dori vositalari va vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlashda xalqaro yondashuvlarga qat’iy sodiqlikni tasdiqlaydi.
M.Qosimova, O‘zA