Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika: koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikning keyingi bosqichi muhokama qilindi
19:49 / 2026-02-26

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation (KIND) tomonidan “2025 K-City Network: Toshkent Smart Bio-Klaster” loyihasi doirasida navbatdagi hamkorlik uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan SMART-BIO CLUSTER loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yirik tashabbus biosanoat zonasi, ilmiy-tadqiqot markazi, sun’iy intellekt va startaplar hududi, shuningdek ijtimoiy hamda muhandislik-infratuzilma ob’ektlarini o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar davomida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan,  SMART-BIO CLUSTER loyihasini amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish,  zamonaviy biotexnologik va farmatsevtika ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish,  ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shma loyihalarni shakllantirish, sohada ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish,  yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish,  farmatsevtika klasterlari samaradorligini oshirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, loyihaning iqtisodiy ahamiyati, jumladan, yalpi ichki mahsulotga qo‘shadigan hissasi, ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati alohida qayd etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani keyingi bosqichga olib chiqish, xususan, texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish va uni yuqori darajada taqdim etish masalalari yuzasidan kelishuvga erishdi.  

Qayd etilganidek, mazkur hamkorlik O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, farmatsevtika va biotexnologiya sohalariga yirik investitsiyalarni jalb qilish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega innovatsion ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA