Mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining turlarini ko‘paytirish maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan ichki imkoniyatlarimiz hamda xalqaro tajriba o‘rganilib, xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatilmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning "UNIONPHARM" korxonasi vakillari bilan uchrashuvidan ham ana shu maqsad ko‘zlandi. Korxona tomonidan "Tashkent Pharma Park" klasteri hududida yangi loyihani ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, ortopediya uchun steril biopolimer protezlar, neyrotoksin hamda kosmetika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu bilan 120 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

***
Shuningdek, Abdulla Azizov Turkmanistonning «Altyn Kanun Dmcc», «Turkmendermansenegat» va «Tenker» kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi. O‘zbekiston farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, «Tashkent Pharma Park« klasteridagi investitsiyaviy loyihalar haqida o‘rtoqlashildi.
Kompaniya vakillari «Health line» QK MCHJ korxonasiga tashrif buyurdi. Ushbu korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan tibbiy buyumlarning Turkmaniston Respublikasiga eksportni amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar, shuningdek, tibbiy buyumlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
***
Buyuk Britaniyaning "De Montfort" universitetining Transmilliy ta’lim direktori o‘rinbosari, sifat bo‘yicha hamkorlik menejeri va boshqa mutasaddilari yurtimizga tashrifi davomida Farmatsevtika texnik universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchi va xodimlari bilan uchrashdi.
Hamkorlar "Tashkent Pharma Park" klasteriga tashrif buyurib, Farmatsevtika texnik universiteti binosi, laboratoriyalari va o‘quv auditoriyalari bilan tanishib, talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.
So‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov bilan kelgusida qilinadigan ishlar bo‘yicha fikr almashildi. Mehmonlar klasterga tashrifi bo‘yicha taassurotlari va fikrlari bilan bo‘lishdi.
Kelajakda O‘zbekiston talabalari Farmatsevtika texnik universitetini tamomlaganida, "De Montfort" universiteti diplomlariga ega bo‘lishlaridan mamnun ekanliklarini bildirdi.

***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Xitoyning "Neusoft Medical Systems" va "Gosun Medical Imaging technology Gorup" kompaniyasi vakillari bilan ham uchrashdi.
Ushbu kompaniyalar tibbiy uskunalar ishlab chiqarishda lider hisoblanadi. Uchrashuv davomida ikki kompaniya vakillari O‘zbekistonda diagnostika markazini ochish va o‘z uskunalarini mahalliy ishlab chiqarish bo‘yicha takliflarini bildirdi.
Agentlik direktori kompaniya vakillari bilan loyihalarning potensialini muhokama qildi va qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Muzokaradan so‘ng, Xitoy kompaniyalari vakillari O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini aytib o‘tdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA