Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika: GPP sertifikatiga ega dorixonalar soni 2 taga yetdi
14:09 / 2024-04-13

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan 2024-yilning yanvar-mart oylarida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, farmatsevtika korxonalari tomonidan joriy yilning birinchi choragi davomida 1 trln, 157 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan hamda 37 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilingan. Investitsiya dasturiga kiritilgan 17 ta loyiha doirasida 25 mln. dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Umumiy qiymati 6,5 mln. dollarlik 2 ta loyihaning ishga tushirilishi natijasida 250 nafar yangi ish o‘rini yaratilgan.

– Yangi investitsiya loyiha takliflarini ishlab chiqish maqsadida o‘tgan davr davomida Xitoy, Rossiya, Tojikiston, Eron va Turkiyaga xizmat safarlari tashkil etilib, jami 59 ta kompaniya bilan muzokaralar o‘tkazildi, – dedi Agentlik axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova. – Muzokaralar natijasida Xitoy bilan tibbiy buyum va jihozlar hamda tibbiy uskunalarni ishlab chiqaruvchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida 41 mln. dollarlik loyihalar O‘zbekistonda amalga oshirilishiga kelishildi. Shuningdek, Mahalliy ishlab chiqaruvchi «AZIYA IMMUNOPREPARAT» korxonasi tomonidan 10 mln. dollarlik mahsulotlarini Xitoyga eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Tojikiston bilan qiymati 5 mln. dollarlik 2 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga kelishildi. Transfer texnologiyasi asosida Eron kompaniyalari bilan O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv imzolandi. O‘zbekistonda biotexnologiya tizimini yaratish va rivojlantirish maqsadida Tehron tibbiyot fanlari universiteti bilan PhD yo‘nalishidagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri sanoat zonasida Turkiya kompaniyasi bilan qiymati 50 mln. dollardan ortiq bo‘lgan investitsiya loyihasini amalga oshirishga kelishildi. Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ISO: 13485 xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish organini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Qayd etilishicha, «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri sanoat zonasida amalga oshirilayotgan 427 mln. dollarlik 10 ta loyiha ishtirokchilariga a’zolik guvohnomalari topshirildi. Joriy yilda 65 mln. dollarlik 2 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Klaster hududida qiymati 59 mln. dollarlik 3 ta yangi loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Bundan tashqari, brifingda ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berib o‘tildi. 

– Respublikada mavjud 10 mingdan ortiq dorixonalarda GPP standartini, 500 dan ortiq distribyutor tashkilotlarda GDP standartini joriy etish uchun kadrlar zaxirasini mustahkamlash maqsadida 36 soatlik malaka oshirish kurslari bepul tashkil qilinib, 70 nafar mutaxassis o‘qitildi. 

Videokonferens aloqa orqali dorixona subyektlari bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. GPP talablarini joriy etish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tushuntirish va qo‘llanmalar berildi. Agentligimiz tashabbusi bilan xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-mutaxassislar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yildi. 6 ta mutaxassis PhD yo‘nalishida jahon top 100 talik universitetlari ro‘yxatiga kirgan Yevropa hamda AQSH universitetlarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Farmatsevtika sohasidagi ilmiy-tadqiqot institutlaridan 6 nafar ilmiy xodim Fransiyada malaka oshirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Sohada faoliyat olib boruvchi 20 nafar xodim Rossiyaning «Ozon» farmatsevtika kompaniyasida malaka oshirishga hujjat topshirdi, – dedi S.To‘laganova.

Shuningdek, «Zarur amaliyotlar» (GxP) yo‘nalishida korxonalarda (standartlarni joriy etish uchun) 300 ga yaqin inspeksiyalar amalga oshirildi. Buning natijasida GMP sertifikatiga ega korxonalar soni 42 taga, GDP sertifikatiga ega distribyutor korxonalar soni 177 taga, GPP sertifikatiga ega dorixonalar soni 2 taga yetdi. 

Mohigul Qosimova, O‘zA