French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika bozori rivojining  zamonaviy tendensiyalari
18:26 / 2024-09-18

Toshkentda  V Yevrosiyo farmatsevtika sammiti o‘z ishini boshladi.  Tadbir  Global Pharmaceutical Leaders’ Club farmatsevtika  sohasidagi yetakchi kompaniyalar top-menedjerlari hamjamiyati tomonidan Farmatsevtika  mahsulotlari xavfsizligi  markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash  vazirligi  huzuridagi Farmatsevtika  tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘magida tashkil etildi.

Asklepiy Group, NikaPharm, AstraZeneca, IQVIA, ProximaResearch, «Olaynfarm», STADA kompaniyalari sammitning yetakchi hamkorlari bo‘ldi. 100 nafardan ziyod spikerlar ishtirok etgan tadbir Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropa mamlakatlari (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Moldova, Belorus va  Mo‘g‘uliston)  farmatsevtika bozorlarining  davlat va tijorat segmentida  rivojlanish  tendensiyalarini  muhokama qilish maqsadida  tashkil etilgan. 

Poytaxtimizda  17-19 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammit dasturi 20 ta sessiyani o‘z ichiga oladi. Ularda farmatsevtika kompaniyalarining strategiyalari,  soha bozorining sarmoyaviy salohiyati, dori vositalarini markirovka qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni  joriy qilish  va boshqa mavzular ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar bilan suhbatlar, yetakchi farmatsevtika korxonalari va dorixonalar tarmoqlarining top-menedjerlari bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari  tashkil etiladi. 

Tadbirni Global Pharmaceutical Leaders’ Club direktori Natalya Bayeva  tabrik so‘zi bilan ochdi va ishtirokchilar ishiga  muvaffaqiyat tiladi. IQVIA kompaniyasining Rossiya va MDH  konsalting guruhi  rahbari Olga Makarova  tadbirni olib bordi. Shuningdek, tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Farrux Sharipov, Farmatsevtika  tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi  direktori  Alisher Temirov hamda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Moldova  va qirg‘izistonlik ekspertlar  so‘zga chiqdi. 

So‘nggi yillarda dunyoda  pandemiyadan tortib iqtisodiy va  geosiyosiy to‘ntarilishlargacha  bo‘lgan mislsiz  global chaqiriqlar  yuz berdi. Bu o‘zgarishlar  sog‘liqni  saqlash jamiyat  farovonligining eng muhim  omili ekanini  ko‘rsatdi. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning erishayotgan yutuqlari, tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘idagi istiqbollar e’tiborga loyiq.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda  davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlat dasturi doirasida mamlakatimizdagi 100 dan ziyod  tibbiyot muassasalarining  modernizatsiya qilinishi bu boradagi muhim  yutuqlardan biri bo‘ldi. Bu ayniqsa chekka hududlarda  tibbiy xizmat ko‘rsatishni  sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. 

2024 yilning birinchi yarmida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi  180 million dollardan oshdi, bu  o‘tgan yilning shu davriga nisbatan  115 foiz ko‘pdir. Mahsulot eksporti besh baravar oshib,  Fransiya, Germaniya, BAA va Daniya bozorlaridan joy oldi.  Sohaga  kiritilgan xorijiy sarmoya 27,5 million dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan davrga nisbatan  3,4  barobar ko‘pdir. Bu ko‘rsatgichlar tarmoqning sezilarli darajada rivojlangani va salohiyatini ko‘rsatadi.  2024 yilda mamlakatimizda  tibbiyot xodimlari  malakasini oshirish, jumladan xorijdagi yetakchi  tibbiyot markazlariga  ularni stajirovkaga yuborishga qaratilgan  bir nechta  ta’lim dasturlari amalga oshirildi. 

Tadbirda shuningdek, mamlakatimiz farmatsevtika mahsulotlarini tijoratlashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Butun sog‘liqni saqlash tizimining asosi bo‘lmish birlamchi tibbiy-sanitariya yordamga alohida  e’tibor qaratilmoqda. Tizimning samarali ishlashi kasalliklarni erta bosqichda aniqlash,  ularni rivojlanishining oldini olish va  ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarining yukini kamaytirish imkonini beradi.  Tibbiyot xodimlari uchun tashkil qilingan  ta’lim dasturlari, jumladan ularning xorijga stajirovka o‘tashi xalqaro tajribani o‘rganib, uni mamlakatimizga  joriy qilishga yordam beradi. 

Sog‘lom turmush tarzi,  to‘g‘ri ovqatlanish va  jismoniy faollik -  surunkali kasalliklarni oldini olishning muhim  jihatidir. O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini jamiyat madaniyatining ajralmas  qismiga aylantirish bo‘yicha  fuqarolarni xabardor qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

V Yevrosiyo farmatsevtika sammiti ishtirokchilarining chiqishlari mamlakatimiz  sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida  yetakchi o‘rinlarda ekanini  ko‘rsatdi. Tibbiyot infratuzilmasini  modernizatsiya qilish,  yangi texnologiyalarning joriy qilinishi va faol xalqaro hamkorlik -  bularning bari mamlakatimizni soha yetakchilaridan biri bo‘lishiga zamin yaratdi. Professional kadrlarning qo‘llab-quvvatlanishi samarasida, respublikamiz  yangi yutuq va muvaffaqiyatlar sari  dadil qadam bosmoqda. 

Tadbir yakunida Eurasian Pharma Awards 2024 tanlov g‘oliblari taqdirlanadi. Eslatib o‘tamiz,  o‘tgan yili yurtimizdagi «OXYmed» dorixonalar tarmog‘i   “Yilning dorixona tarmog‘i” nominatsiyasida  g‘olib deb topilgan edi. Sammit doirasida shuningdek,  Asklepiy Group   dori tarqatish ombori hamda Nika Pharm  dori vositalarini ishlab chiqarish zavodiga tashrif uyushtirish ham rejalashtirilgan. 

Alpomish Mashrabxonov, 

O‘zA