Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farmatsevtika: 16 ta korxonaga tegishli sertifikatlarni taqdim qilish rad etilgan
14:43 / 2024-01-15

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Zarur amaliyotlar markazi” tomonidan 2023 yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, Markazga 2023 yil davomida farmatsevtik inspeksiyalar o‘tkazish yuzasidan jami 752 ta ariza kelib tushgan. Bulardan 19 tasi mahalliy korxonalarda va 295 tasi xorijiy korxonalarda GMP inspeksiyasi o‘tkazish bo‘yicha, 294 tasi mahalliy distribyutorlarda GDP inspeksiyasi o‘tkazish bo‘yicha, 1 tasi xususiy bojxona omborxonasida GSP inspeksiyasi o‘tkazish bo‘yicha va 15 tasi dorixonalarda GPP inspeksiyasi o‘tkazish bo‘yichadir.  

Ushbu arizalar asosida 19 ta mahalliy korxonada va 35 ta xorijiy korxonada GMP yuzasidan, 153 ta mahalliy distribyutorda GDP yuzasidan hamda 1 ta xususiy bojxona omborxonasida GSP yuzasidan va 4 ta dorixonada GPP farmatsevtik inspeksiya o‘tkazilgan.  

Shu bilan birga, avval berilgan sertifikatlarning amal qilish muddatini tasdiqlash maqsadida jami 64 ta inspeksiya nazorati tashkil etilgan.  

Korxonalarda sertifikatlashtirish tekshiruvlarini amalga oshirishdan oldin ixtiyoriy o‘tkaziladigan baholash inspeksiyalari yuzasidan kelgan murojaatlarga asosan 1 ta GMP va 2 ta GDP baholash inspeksiyalari o‘tkazilgan. Aniqlangan nomuvofiqliklarni bartaraf etish uchun o‘rnatilgan tartibda muddatlar berilgan. Ariza beruvchilar tomonidan ushbu nomuvofiqliklar to‘liq bartaraf etilganidan so‘ng ularning murojaatlari asosida jami 180 ta qayta farmatsevtik inspeksiyalar uyushtirilgan.  

Natijada 12 ta mahalliy va 11 ta xorijiy korxonaga GMP sertifikatlari, 115 ta mahalliy distribyutorga GDP sertifikatlari va 1 ta xususiy bojxona omborxonasiga GSP sertifikati taqdim qilingan.

4 ta mahalliy va 2 ta xorijiy korxonaga GMP sertifikati hamda 10 ta mahalliy distribyutorga GDP sertifikati taqdim qilish rad etilgan.  

Brifingda shuningdek,  xalqaro hamkorlik bo‘yicha ham so‘z yuritildi.    

– O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasi vakolatli organlari tomonidan taqdim etilgan GMP sertifikatlarining o‘zaro tan olinishini yo‘lga qo‘yish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara To‘laganova. – Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini yengillashtirish va bu orqali eksport hajmini oshirish maqsadida agentligimiz hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi Farmatsevtika va tibbiyot sanoatini rivojlantirish departamenti o‘rtasida tegishli yo‘l xaritasi tuzildi, ishchi guruh tashkil etildi. Unda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda o‘tkaziladigan farmatsevtik inspeksiyalarga yondashuvni baholash maqsadida qo‘shma inspeksiyalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Rossiya Federatsiyasining GMP yo‘nalishidagi inspektorlarining yondashuvlarini baholash maqsadida 23-24 noyabr kunlari Toshkentda joylashgan “RADIKS” MCHJ ishlab chiqarish korxonasida hamkorlikda farmatsevtik inspeksiya hamda Moskvadagi insulin dori vositasini ishlab chiqaruvchi “Gerofarm” korxonasida Markaz xodimlari tomonidan qo‘shma inspeksiya o‘tkazildi.  

Mohigul Qosimova, O‘zA