Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Farmakologiya va toksikologiya fanining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar va antibiotik rezistentlik muammolarining yechimlari” mavzusida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari veterinariya farmakologlari va toksikologlarining VII xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Unda MDHga a’zo va hamkor davlatlardan o‘ttizga yaqin soha mutaxassisi, yurtimiz olimlari va veterinarlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida universitet rektori Xudoynazar Yunusov, Butunrossiya patologiya, farmakologiya va terapiya veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy rahbari, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Sergey Shabunin so‘zga chiqib, qurultoyning maqsadi va undan kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini bildirdi. Farmakologiya va toksikologiya fanining rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar va antibiotik rezistentlik muammolarining yechimlariga e’tibor qaratildi.


– Bugun iqlim o‘zgarishlari va turli epidemiyalarning tarqalishi sharoitida veterinariya sohasini, xususan, chorvachilikni rivojlantirish oson emas, – deydi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Bu jarayonda farmakologiyaga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Chunki veterinariyadagi sifat, uy hayvonlarining salomatligi inson salomatligi bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi dunyo bo‘yicha dolzarb bo‘lib turgan paytda qo‘llanilayotgan har bir dori vositasining nafaqat chorvaga, shu bilan birga inson organizmiga ta’sirini ham hisobga olishimiz lozim. Bu masalalar yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (JHST) Yevropa mintaqaviy komissiyasining 31-konferensiyasida ham atrofilicha muhokama qilingandi.

Tadbirda farmakologiya va toksikologiya fanining zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, istiqboldagi vazifalar va antibiotik rezistentlik muammolarining yechimlari, mahsuldor hayvonlarning ochiq bo‘shliqlari patogenlarida antibiotiklarga chidamlilik, genlarning muammolari va tarqalishi, parazitlarga qarshi chora-tadbirlar tizimida dorivor o‘simliklar kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Qurultoyda Butunrossiya patologiya, farmakologiya va terapiya veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy rahbari Sergey Shabunin, Qozoq Milliy agrar tadqiqotlar universiteti professori Abdirahmon Ombayev, Tojikiston texnika universiteti professori Anvariddin Muhiddinovlarga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining faxriy professori ilmiy unvoni berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri