Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farhod Mahmudov: “Oʻzbekkino” bilan hamkorligimni davom ettiraman
19:19 / 2020-10-15

Insonni oʻziga qulay muhitdan tortib chiqarsang, u oʻz dunyoqarashini kengaytirishga majbur boʻladi, xarakteri toblanadi, oʻziga boʻlgan talabi ortadi va vaqtdan unumli foydalanishga oʻrganadi.


Farhod Mahmudov oʻzbek kinosi rivojiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan kinoijodkorlardan. OʻzA muxbiri ijodkor bilan suhbatda boʻldi va uning Oʻzbekistondagi ijodiy faoliyati haqida suhbatlashdi. Aktyor “Oʻzbekkino” bilan hamkorlik rejalari haqida oʻrtoqlashdi va amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

- Maʼlumki, shu kunlarda “Oʻzbekkino” rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazdingiz. Unda qanaqadir kelishuvlarga erishildimi yoki yangi loyihalar muhokama qilindimi?

– Kinomatografistlarni tarbiyalashga doir gʻoya ustida faol ish boshladik. Maʼlumki, 30 yildan ortiq vaqt ichida bu yil birinchi marta oʻzbekistonlik 7 nafar yoshlarimiz Butunrossiya davlat kinomatografiya instituti (VGIK) talabasi boʻlishdi. Darhaqiqat, bu kino sanoatini rivojlantirish yoʻlidagi jiddiy qadamdir – deydi F.Mahmudov. 

– Butunrossiya Davlat kinomatografiya institutiga oʻzbekistonlik talabalarni qabul qilish oxirgi marta 1989-yilda amalga oshirilgan va ular 1994-yilda mazkur oʻquv yurtini tugatgan edi. Oʻz mamlakatidan tashqarida bilim olish muhimligini alohida taʼkidlashni istardim. Insonni oʻziga qulay muhitdan tortib chiqarsang, u oʻz dunyoqarashini kengaytirishga majbur boʻladi, xarakteri toblanadi, oʻziga boʻlgan talabi ortadi va vaqtdan unumli foydalanishga oʻrganadi. 

Bunday favqulodda holat insonning ichki salohiyatini ochib beradi. U doʻstlar orttiradi, demakki, aloqalari ham ortadi. Bularning barchasini inobatga olib, yil oxirigacha Butunrossiya davlat kinomatografiya institutida Oʻzbekistondan 15 ta boʻlajak kinomatografchidan iborat kurs tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Men bu kursning oʻqituvchisi, rahbari boʻlishga umid qilaman.

- Hozir Siz Oʻzbekistonda filmni suratga olishga tayyorgarlik koʻrayotgan ekansiz. Loyihangiz gʻoyasi, mazmuni haqida biz bilan fikrlaringizni boʻlisha olasizmi?

– Albatta. Bu “Pari sovgʻasi” deb nomlangan 6+ toifasidagi taʼsirli va yaxshilik bilan tugaydigan ertak. Hozir suratga olish uchun tayyorgarlik jarayoni ketyapti, suratga olish esa bahorda rejalashtirilgan. Lekin film uchun aktyorlarni tanlash noyabr oyida boshlanadi. Filmda rus aktyorlari ham, oʻzbek sanʼatkorlari ham ishtirok etadi. Filmni Buxoro, Samarqand va ehtimol Xivada ham suratga olishni rejalashtirganmiz. Shuni alohida qayd etishni istardimki, “VEGA” kinokompaniyasi va “Oʻzbekkino” MAning ushbu filmi soʻnggi bir necha oʻn yilda Rossiya va Oʻzbekistonning ilk jiddiy va toʻlaqonli qoʻshma kinomahsuloti boʻladi. Agar bu birinchi tajribamiz muvaffaqiyatli chiqsa, “Oʻzbekkino” bilan birgalikda va Rossiya madaniyat vazirligi koʻmagida navbatdagi loyihalarimizni amalga oshirishda davom etamiz.

– Farhod aka, soʻnggi yillarda mamlakatimizda va xususan kino sohasida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni qanday baholaysiz?

– Asl oʻzbekistonlik sifatida hozirgi kunda Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni koʻrayotganimdan faxrlanaman. Mamlakatning biznes va sayyohlik uchun jozibadorligi ortmoqda. Darhaqiqat, hozir biznesda ham, odamlar orasida ham Oʻzbekistonga qiziqish katta. Menimcha, bu Oʻzbekistonda olib borilayotgan dono ichki siyosat va juda ochiq tashqi siyosat bilan bogʻliq va bu nafaqat oʻz mahsulotlarini, balki xalq madaniyatini targʻib qilish uchun mamlakatga qoʻshimcha imkoniyatlar beradi. Kino sanʼati vakili sifatida ushbu sohani rivojlantirish, hamkorlikni davom ettirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlayman. Bugun kino sohasida roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni koʻrib turibman. Hech qanday holatda ham toʻxtab qolish kerak emas.

D.Mamatova suhbatlashdi, OʻzA