Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farhod Ermanov: “Xalqimizni ertangi hayotidan rozi bo‘lishi uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, og‘izbirchilikda bor bilim va tajribamizni safarbar etishimiz kerak”
17:55 / 2020-12-22

Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi Farhod Ermanov 2020 yilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2021 yil uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aholiga murojaat yo‘lladi.

Viloyatda joriy yilda iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni davom ettirish, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, sanoatni modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligini keng rivojlantirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Joriy yil yakuni bilan viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 22 trillion 800 milliard so‘mga yetib, aholi jon boshiga 12 million 100 ming so‘mni tashkil qiladi.

Viloyat byudjeti daromadlari kontengent rejasi 1 trillion 306 milliard so‘mni tashkil qilib, joriy yil yakuniga qadar byudjet tushumlari 1 trillion 429 milliard so‘mga tushushi ta’minlanib, belgilangan reja 109,4 foizga ortig‘i bilan bajariladi. Shuningdek, viloyat mahalliy byudjet daromadlari bo‘yicha yillik belgilangan reja ham 107,2 foizga bajarilishi kutilmoqda.

− Biroq, byudjet va soliq sohasida olib borilayotgan ishlarimizda hali kamchiliklarimiz bor, − dedi F.Ermanov. − Jumladan, yashirin iqtisodiyotni oldini olish, soliq to‘lovchilarni to‘liq qamrab olish, naqd pullarni nazorat kassa mashinalariga kirim qilmasdan tovar aylanmalarini yashirishni oldini olish, norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan ishchilarni legallashtirish va boshqa yo‘nalishlarda hali qilinadigan ishlar mavjud. Albatta, ushbu yo‘nalishlarda viloyatdagi mutasaddi rahbarlar boshqa tegishli tashkilotlar bilan “Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida ishlarni tashkil etib, tadbirkorlik sub’ektlariga targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borgan holda daromadlar bazasini oshirish va soliq manbalarini yaratish choralarini ko‘ramiz.

2020 yil davomida Xorazm viloyatida qo‘shimcha manbalar hisobidan bir qator Davlat dasturlari, hukumat tadbirlari hamda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida” gi qonuniga asosan Jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishga 3,5 milliard, ijtimoiy soha muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga 315,3 milliard, viloyatdagi ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash ishlariga 13 milliard, ichki yo‘llarni ta’mirlash va tartibga keltirishga 17,6 milliard, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va karantin tadbirlarini tashkil etishga esa 155 milliard 700 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Bundan tashqari, ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan jamg‘armalarga qariyb 15 milliard so‘m, “Temir daftar”ga kiritilgan kam ta’minlangan aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 6 milliard so‘m ajratildi.

Mamlakatimizda qulay biznes muhiti, xorijlik investorlar uchun huquqiy kafolatlar hamda imtiyozlarning aniq tizimi yaratilgani investitsiyaviy faollikni oshirish, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar oqimini sezilarli darajada ko‘paytirish imkonini berdi.

Xorazm viloyatidagi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2016 yilda 36 ta bo‘lgan bo‘lsa, ayni damda ularning soni 162 taga yetib, joriy yilda 164 ta xorijiy kapital ishtirokidagi loyihalar doirasida 111,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar jami 123,7 million AQSH dollarini tashkil qilib, yillik prognoz ko‘rsatkichi 183,5 foizga bajarilishi kutilmoqda.

Xususan, “Xazorasp” erkin iqtisodiy zonasida 2 ta yirik xorijiy investor tomonidan 274 million 200 ming AQSH dollarlik 3 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

bugungi kunga qadar erkin iqtisodiy zona hududida jami 14 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 790 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, 1 million 800 ming AQSH dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingan.

− Hududlarda kichik sanoat zonalarining tashkil qilinishi aholining tadbirkorlik tashabbuslariga keng imkoniyatlar berdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi, − dedi F.Ermanov. − Viloyatning 5 ta shahar va tumanlarida 6 ta ob’ekt negizida 18 gektar yer maydonida 6 ta kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Mazkur sanoat zonalarida 75 ta tadbirkorlik sub’ektlariga umumiy qiymati 117 milliard so‘m investitsiya kiritish hamda 1 ming 297 ta yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan bo‘sh yer maydonlari ajratildi.

Bugunga kelib 42 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 344 ta ish o‘rinlari yaratildi. Amalga oshirilgan loyihalar hisobiga jami 46,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shundan, 27 million dollar miqdoridagi sanoat mahsulotlari eksportga yo‘naltirildi. Biroq, ushbu sohada ham amalga oshiriladigan ishlarni jadallashtirish zarur. Joriy yilda kichik sanoat zonalarida 25 ta loyiha ishga tushmagan va 5 ta loyiha to‘xtab qolgan. Bu borada, viloyat kichik sanoat zonalari direksiyasi hamda shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda 25 ta ishga tushmagan va 5 ta to‘xtab qolgan loyihalarni 2021 yilning 1-choragida ishga tushirish hamda bunday imkoniyatlar haqida ishbilarmon tadbirkorlarni targ‘ibot qilish orqali jalb qilish choralari ko‘riladi.

Darhaqiqat, mahalliylashtirish dasturi asosida viloyat bo‘yicha jami 61 ta loyiha ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, joriy yil yakuniga qadar 25 ta loyiha amalga oshirilishi va 154 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilishi belgilangan. viloyatda joriy yilning yanvar-noyabr oylarida hududiy import hajmi 181 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,3 million dollarga yoki 32,3 foizga kamaygan.

− Koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlariga qaramasdan joriy yilning o‘tgan davrida qanchalik og‘ir bo‘lmasin korxonalar faoliyatini ushlab turdik va ish joylarini saqlab qoldik, − dedi viloyat hokimi Farhod Ermanov. − Pandemiyaning dastlabki davrida viloyatda 8 ming 923 ta korxona faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, barchasini faoliyati qayta tiklanib, ish o‘rinlari saqlanib qoldi. Joriy yilning 1 dekabr holatiga viloyatda jami 17 ming 263 ta kichik biznes sub’ektlari faoliyat ko‘rsatayotganligini, joriy yilda 4 ming 335 ta kichik biznes sub’ektlari yangidan tashkil etilganligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Faoliyat ko‘rsatmayotgan 2 ming 528 ta korxonalarning faoliyati qaytadan tiklandi.

2020 yilda Xorazm viloyatida zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 101 ming 800 raqamli 157 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari o‘rnatilib, stansiyalar soni 256 taga va umumiy sig‘imi 157,4 ming raqamga yetkazildi.

2021 yildan boshlab, Xorazm namunasi sifatida “Obod ko‘cha” dasturi amalga oshiriladi. Xususan, 2021-2023 yillarda viloyatdagi 2 ming 370 kilometr ichki ko‘chalar tosh-shag‘al bilan qoplanadi hamda uning 270 kilometri beton va asfalt qilinadi. Shundan, 2021 yilda 460 ta mahallaning har birida bittadan ko‘cha, ya’ni 520 kilometr tuproq yo‘llar tosh-shag‘al bilan qoplanadi va uning 90 kilometri beton va asfalt qilinadi, piyoda va velosiped yo‘lakchalari quriladi hamda 17 ta ko‘prik ta’mirlanadi. Mazkur maqsadlar uchun 2021 yilda byudjetdan 140 milliard so‘m ajratiladi.

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. bugungi kunda viloyat aholisining 78 foizi markazlashgan manbalardan toza ichimlik suvi va 6,4 foizi oqava tizimi bilan ta’minlangan. 2021 yilda viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlaganlik darajasini oshirish maqsadida umumiy qiymati 245 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 198 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 24 ta ichimlik suv tarqatish inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Viloyatda aholini sport bilan shug‘ullanishlari uchun 3 ming 715 ta sport inshootlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 11 oyi mobaynida viloyat bo‘yicha jami 1 ming 877 ta jinoyatlar qayd etildi. Viloyatdagi 519 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 298 tasida jinoyatlar sodir etilmagan bo‘lsa, 174 tasida jinoyatlar kamaygan va barqaror holda saqlangan. Shuningdek, 36 tasida yoki 9 foizida jinoyatlar soni ko‘payishiga yo‘l qo‘yildi.

Xorazm viloyati hokimi viloyat aholisiga qilgan murojaatida 2021-2022 yillarda va kelgusida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga, belgilangan “o‘sish nuqta”lari haqida ham to‘xtaldi.

− Bunda tuman va shaharlarning “o‘sish nuqta”larini hisobga olgan holda, viloyatda 2021-2022 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 13,4 trillion so‘m bo‘lgan 756 ta loyiha amalga oshirilib, 16,7 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Viloyat miqyosida “drayver” sohalar bo‘lgan mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika va charm-poyabzal sanoatini rivojlantirish choralari ko‘riladi, – dedi viloyat hokimi.

Sessiyada berilgan ma’lumotga ko‘ra, kelgusida Xorazm viloyatida turizm sohasi izchil rivojlantiriladi. Ushbu sohada yaqin 2 yilda qiymati 1 trillion 297 milliard so‘m bo‘lgan 75 ta loyiha amalga oshiriladi. Mehmonxonalardagi o‘rinlar soni esa hozirgi 4 ming 785 tadan 8 ming 104 taga yetkaziladi. Xiva, Urganch, Bog‘ot, Yangiariq va Shovot tumanlarida “turizm mahallalari”, Bog‘otda “Qal’ajiq qal’a oazis” ekoturizm zonasi, Yangiariqda “Kulolchilik markazi” tashkil etiladi. Tashqi, ichki va ziyorat turizmni rivojlantirish maqsadida respublikamizning turli hududlari va xorijiy davlatlarga qo‘shimcha ravishda temir yo‘l va avia qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek viloyatda qishloq xo‘jaligi jadal rivojlantiriladi. Bu sohada paxtani chuqur qayta ishlash, sholichilik va issiqxonalar o‘sish nuqtasi bo‘ladi.

Viloyatda 2021 yil yakunida paxta tolasini qayta ishlash 100 foizga, ip-kalavani qayta ishlash 86 foizga, eksport 120 million dollarga yetkaziladi, trikotaj mato ishlab chiqarishni qariyb 2 barobar, gazlama mato ishlab chiqarish 3,6 barobarga oshiriladi. Natijada 5 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Sholichilikda ilg‘or xorijiy tajriba joriy qilinib, hosildorlikni oshirish choralari ko‘riladi. Xususan, 2021 yilda Xitoyning yuqori hosil beruvchi 4 ta sholi navi va 2 ta duragay navini 6 ming gektarga ko‘chat usulida ekish ishlari tashkil qilinadi. Sholi maydonlarida kooperatsiya tizimini keng joriy qilgan holda, “temir daftar”, “yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ga kiritilgan ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarga 1-2 gektardan sholi maydonlarini ajratib beriladi.

Aholi hayotini yaxshilash uchun uy-joy qurish va kommunal infratuzilmasini yaxshilash maqsadida viloyatda joriy yilda 4 ming 830 kvartirali uy-joylar qurilmoqda. Shundan 950 ta kvartira muhtoj oilalarga imtiyozli asosda beriladi.

Yo‘l infrastrukturasini yaxshilash maqsadida, viloyatni Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan 413 metr bo‘lgan temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari boshlanadi. Yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularni jamiyatdagi rolini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, 2021 yilda 40 ming nafar ishsiz yoshlarning va 34,3 ming nafar ishsiz ayollarning bandligi ta’minlanadi.

Hududlarda jinoyatchilikning oldini olish maqsadida kiriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan mahallalardagi jinoyat sodir etishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, jinoyatga imkon beruvchi omillarni bartaraf etish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi. 2020 yil yakuniga qadar, viloyatdagi barcha mahallalarda kriminogen ahvolni tanqidiy ko‘rib chiqib, ularni 3 ta “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Jinoyatlar oshgan “qizil” toifadagi mahallalarga Milliy gvardiyaning qo‘shimcha kuch-vositalari ajratiladi. 

Joylardagi sektor rahbarlari tomonidan “sariq” toifali mahallalarda profilaktika inspektorlari va mahalla raislariga ichki ishlar organlarining hisobida turgan shaxslar va oilalar bilan ijtimoiy-profilaktik ishlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, har oyda kamida 1 marta xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarida “mahallabay” profilaktika ishlari ahvoli muhokama qilinib, tegishli choralar ko‘rib boriladi.

Sessiyadan so‘ng 2020 yilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2021 yil uchun belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha viloyat hokimi Farxod Ermanov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Mazkur anjumanda mahalliy hamda Respublika OAV vakillari, blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA