«Ma’rifat aks-sadosi» hujjatli filmlar turkumi doirasida, «Oskar» mukofoti sohibi, jahonga mashhur britaniyalik aktyor Ben Kingsli ishtirokida suratga olingan Farg‘oniy, Xorazmiy va Ibn Sinoga bag‘ishlangan videoroliklar yetakchi xalqaro telekanallar — Euronews va CNN efirlarida namoyish etildi.
Ushbu videomateriallar Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli medialoyihaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida Sharq Uyg‘onishi davrining buyuk mutafakkirlari qoldirgan ilmiy va ma’naviy meros xalqaro auditoriyaga zamonaviy, ta’sirchan vizual formatda taqdim etilmoqda. Videoroliklar islom sivilizatsiyasi bag‘rida shakllangan ilm-fan, tafakkur va ma’naviyat an’analari bilan jahon jamoatchiligini tanishtirishga qaratilgan.
Loyihada ser Ben Kingsli ishtirok etmoqda. U Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek Mirzo, Alisher Navoiy va Amir Temur kabi buyuk shaxslarning hayoti, ilmiy merosi hamda jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida hikoya qiladi.
«Ma’rifat aks-sadosi» loyihasi doirasida tarix, madaniyat va ilm-fan rivojiga salmoqli ta’sir ko‘rsatgan mashhur olim va mutafakkirlarning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan o‘ndan ortiq qisqametrajli hujjatli filmlar yaratish rejalashtirilgan. Ushbu filmlar xalqaro auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘lib, dunyoning yetakchi mediaplatformalarida namoyish etiladi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari doirasida amalga oshirilmoqda hamda mamlakatning boy ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, xalqaro madaniy muloqotni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonni qadimgi sivilizatsiyalar beshigi va jahon ilm-fan hamda ma’rifat markazlaridan biri sifatida namoyon etishga qaratilgan.



O‘zA