Quva – O‘zbekistonning ko‘chat yetkazib beruvchi bosh manzillaridan biri.
Quva tumanida 2023-yil davomida 101 million dona ko‘chat yetishtirildi. Undan 56 million donasi mevali 24 million donasi manzarali ko‘chatlar, 21 million donasi esa atirgul ko‘chatlaridir, - deydi Quva tumani fermerlar uyushmasi mutaxassisi Umidjon Rahimov.

Ayni kunda tumanning barcha mahallalari, katta-kichik ko‘cha bo‘ylari, saroy va angarlari ulkan ko‘chat sotish markazlariga aylangan. Ularni Quvaning asosan toshliq, ya’ni tezob maydonlarida yetishtiradilar. “Fuitis Brend” mas’uliyati cheklangan jamiyati asoschisi va bosh bog‘boni G‘ayratjon Mamadaliyev 41 gektar maydonda bog‘ va ko‘chatchilik bilan shug‘ullanadi. So‘nggi ikki yilda shaftolining UFO navini mahalliylashtirdi.
–Buni ikki xili bor. Bunisi UFOning ertaki navi. U 25-mayda pishadi. 2-3 kilo meva beradi. Bundan tashqari olxo‘rining ikki xil navi bor. Blekslindr navi ertaki bo‘lib, suvli va nihoyatda mazalidir, -deydi G‘ayratjon Mamadaliyev. –Bu navlarni Turkiyalik hamkorlarimiz va O‘zbekistonda bog‘dorchilikda katta tajribaga ega Shuhrat Abrorov, Mansur Yo‘ldoshev yordamida olib kelyapmiz.

G‘ayratjon 11 gektar maydonda faqat danagidan undirilgan ko‘chatlar yetishtirmoqda.
–Shaftoli danaklarini kuzda qumga aralashtirib ko‘mamiz. Bahor faslida ular unib chiqadi. Danakni yorib unib chiqqan niholni ko‘chat uchun ekamiz, - deydi bog‘bon Hosilbek Qo‘chqorov. –Undirilgan danakdan chiqqan ko‘chatning yana bir xususiyati shundaki uning hosildorligi bahorda ekilgan danakdan chiqqan ko‘chatnikiga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘ladi.
Shu kunlarda xaridorlar o‘zlari kelib bog‘dan ko‘chatni tanlab olib ketishyapti. Istakka qarab, ko‘chatlar tomiri o‘z tuprog‘i bilan yetkaziladi. Shunda ko‘chat ko‘chirib ekilganini xis qilmaydi.

Undirilgan danaklar ekilgan bog‘ni ko‘rib havasingiz keladi. Hammasi bir tekis, deyarli hammasida meva bor.
–Biz har bir yarim metr oralig‘ida bittadan ko‘chatni bog‘ uchun qoldiramiz. Ular orasida 7-8 tadan ko‘chat bor. Ularning har birini 15 mingdan sotamiz. Shunda bir gektar ko‘chatzor 200 million so‘mdan ortiq daromad beradi. Shunday qilib danakdan ekish natijasida ikki yilda ham bog‘ paydo bo‘ladi, ham fermer 200 million so‘mdan ziyod daromad topadi, –deydi G‘ayratjon Mamadaliyev.

Quvada qaysi xondonga kirmang asosiy ishidan keyin tomorqasida ko‘chatchilik bilan bandlar. “Teraktagi” mahallasidagi Rustamjon Shermatovning 12 sotix tomorqasi bor. Unga o‘zi qaraydi. Ko‘chatdan bo‘shagan maydonlarga o‘zi mexanizmda ishlov beradi.
–Har xil mevali va manzarali ko‘chatlar yetishtirdim va ularni hovlimiz oldiga olib chiqib sotmoqdaman, – deydi xonadon sohibi Rustamjon Shermatov. –Respublikamiz viloyatlari, Tojikiston, Qirg‘iziston va hatto Turkmanistondan ham xaridorlar kelib olib ketishyapti. Hovlimdagi ko‘chirilgan ko‘chatlar o‘rniga gul urug‘larini ekdim. Ular 10-15 kunda unib chiqadi, kuzda ulanadi. Kelasi yilga esa atirgullar sotuvga tayyor bo‘ladi.
Shu kabi xolni Qoraqum mahallasida ham uchratasiz.
–Qoraqum MFYda 1118 ta xonadon bo‘lib, ularda atirgulchilik va mevali – manzarali ko‘chatlar yetishtiriladi. Har bir oila 10 sotix tomorqadan bir yilda 50-60 million so‘m daromad olishmoqda, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Odiljon Hakimov.
Quva tumanining o‘zida bu yil yuz million donadan ortiq ko‘chat yetishtirib savdoga chiqarishdi. Ularning bir qismi chet eldagi xaridorlarga yuborilmoqda. Bu haqida Umidjon Rahimov g‘urur bilan shunday dedi:
–Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston hatto Dog‘istonga ham eksport qilyapmiz. Atirgullarni esa Polsha va Turkiyaga jo‘natilyapti. Mana bu ko‘rib turgan yuk mashanalarida Qirg‘izistonga 300 millionta ko‘chat jo‘natyapmiz.
–Qirg‘izistondan keldik, – deydi Baxtiyor G‘afurov. –Prezident Mirziyoyev yo‘llarni ochgandan keyin Quvadan Bishkekka har yili ko‘chat olib ketaman. Quvaliklar bilan aka-uka bo‘lib qolganman. Zuhriddindan ko‘chat olsam, archani Husniddindan olaman.
Quvaning ertapishar qantaki o‘rik, anjir shaftolisi, shirali olxo‘ri-yu, qirmizi olma ko‘chatlari xonadonlarimizga rizq va ko‘rk kiritmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/zS2oYclns7M?si=XGEQiPCTHNeHPJSC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), OʻzA