Quvasoy shahridagi “Quvasoy Nodirjon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida yetishtirilayotgan sarxil mevalarga tashqi bozorda talab katta. Bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin halol mehnat va izlanishlar tufayli ko‘pning e’tiboriga tushdi.
Kamhosil, suv yetib borishi qiyin bo‘lgan 40,3 gektar yerni o‘zlashtirib, 30 gektar yerda intensiv usulda gilos bog‘lari yaratildi. Tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatildi. Yaxshi niyatda qilgan mehnatlari o‘z samarasini berdi. Gilos bog‘larida hosil mo‘l bo‘ldi. Mevalarning bir kilosi o‘rta hisobda 35-40 ming so‘mdan sotildi. Mahsulotlar ichki bozordan tashqari, Rossiya, Janubiy Koreya davlatlariga eksport qilindi.
– Prezidentimiz 2019 yilda Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifida Quvasoy hududida giloschilikni rivojlantirish bo‘yicha oqilona takliflar bergan edi, – deydi fermer xo‘jaligi ta’sischisi Abdujalil Mamatxalilov. – Dastlab 10 gektar maydonga gilos ko‘chatlari ekdik. Ko‘chatchilik bo‘yicha mutaxassislar iqlim sharoitimizga mos navlarni tanlashda ko‘maklashdi. Ularning tavsiyalari asosida pakana va yarim pakana xorijiy navlarni ekdik. O‘tgan yili birinchi hosilni oldik. Bu yil hosil yanada mo‘l bo‘ldi, har bir ko‘chatdan 15-20 kilodan meva terib oldik.

Hududda suv tanqis bo‘lganligi uchun tomchilatib sug‘orish jihozlari o‘rnatildi. Bu suv miqdorini 70 foizgacha tejash imkoniyatini beryapti. Ko‘chatlar bu usulda sug‘orilganda suv o‘simlikning ildiziga boradi va rivojlanishini tezlashtiradi. Bunda nafaqat suv, balki mineral o‘g‘itlardan ham ancha iqtisod qilinyapti.
– Gilos ko‘chatlariga innovatsion usulda shakl beryapmiz, – deydi xo‘jalik ish boshqaruvchi Murodjon Mamatxalilov. – Bu avvalo hosildorlik salmog‘ining ortishi, meva terishni tez va oson bajarishga ko‘maklashadi. Kanada, AQSH, Italiya, Vengriya, Ukrainadan olib kelingan navlar mahalliy turlarga nisbatan birmuncha ustunliklarga ega. Ular o‘zini o‘zi changlata oladi. Bu bahor ob-havosi noqulay kelganda ham yuqori hosil olish imkonini beradi. Shu bois o‘zini o‘zi changlatuvchi donor navlar bilan oson changlanuvchi gilos navlarini aralashtirib ekish natijasida shakli yirik bo‘lgan sifatli, eksport uchun mos gilos mevalari olyapmiz. Bundan tashqari, ayrim navlarning erta yoki kechroq pishishi mahsulotni uzoq muddatlarda aholiga yetkazib berish imkoniyatini bermoqda.

Farg‘ona bog‘larida yetishtirilgan 60 ming tonnadan ortiq sarxil meva-sabzavot mahsulotlari dastlabki chorakning o‘zida 30 ga yaqin dunyo mamlakatiga eksport qilindi. Ispaniyaga quritilgan qalampir, Saudiya Arabistoniga mayiz va bodom, Estoniyaga ko‘kat, Buyuk Britaniyaga mayiz jo‘natildi.
Azal-azaldan mirishkor dehqonlar sifatida tanilgan farg‘onaliklar har qarich yerdan omilkorlik bilan foydalanish hadisini olishgan. Quvaning qirmizi anori, Rishton qandak o‘rigi, Oltiariq uzumi, Buvayda anjiri, Vodil malinasi, Quvasoy giloslari nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham mashhur.
Viloyat qishloq xo‘jaligi eksport imkoniyatlari tahliliga ko‘ra, may-iyun oylarida o‘rik, gilos, shaftoli, olxo‘ri, olma va anjir kabi yana 47,4 ming tonna sarxil mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda. Shu yilning o‘zida meva-sabzavot mahsulotlari eksport geografiyasi yana o‘nta davlatga kengaydi.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri