Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onaning mergan qizi kamondan otish bo‘yicha olimpiadaga yo‘llanma olgan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi (+video)
17:14 / 2024-01-09

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbus loyihalari yurtimiz hududlarida istiqomat qilayotgan yigit-qizlarimizning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish va rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ziyoda Abdusattorova ham aynan “Besh muhim tashabbus” loyihasi asosida yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan yoshlarimizdan biridir. Ziyoda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinflarida o‘qib yurganidayoq sportga ishtiyoqi baland ekani bois turli sport to‘garaklariga qatnay boshlaydi. Qizidagi bu ishtiyoqni payqagan Dilshod Egamov uni Farg‘ona shahridagi yakka kurashlarga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining kamondan otish to‘garagiga olib bordi. 

– Kamondan otish sportning boshqa turlaridan ko‘ra murakkabroq bo‘lib, yoshlardan sabrli va irodali bo‘lishni talab qiladi, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi, tajribali murabbiy Irina Savinova. – Ziyodada aynan shu fazilatlar mujassam bo‘lgani tufayli yuqori marralarni egallamoqda. Shogirdim mamlakatimiz sporti tarixiga kirganini ko‘p yillar sabr-toqat bilan qilgan mehnatlarimizning mahsuli, deb bilaman. 

[gallery-15379]

Tajribali murabbiy ta’kidlaganidek, sportda ijobiy natija qayd etish uchun chin dildan mehnat qilishga, mashg‘ulotlarda ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo va jahon kubogi turkumidagi musobaqalarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar Ziyodaning imkoniyati katta ekanini anglatdi. Nihoyat, o‘tgan yilning noyabr oyida Tailandning Bangkok shahri mezbonlik qilgan, dunyo sportining eng nufuzli tadbiri bo‘lgan yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan musobaqada Ziyoda Abdusattorova tarixiy natijani qayd etdi. Farg‘onaning mergan qizi yozgi Olimpiadaga kamondan otish turi bo‘yicha yo‘llanmani qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi. U mamlakatimiz sportining 2023 yildagi natijalari sarhisob qilingan katta tadbirda “Yil kashfiyoti” yo‘nalishida g‘olib deb e’lon qilindi va munosib ravishda taqdirlandi. 

Dunyo miqyosidagi nufuzli musobaqalarda yurt sha’nini himoya qilish – baxt. Ziyoda buni yurakdan his qiladi. Shu bois ham bu yil bo‘lib o‘tadigan Osiyo va jahon kubogi, jahon birinchiligi va, albatta, Parijdagi yozgi Olimpiada o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Yangi O‘zbekistonimiz sharafini yuksaklarga ko‘tarish niyatida ayni kunlarda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida faollik ko‘rsatmoqda. Xalqaro toifadagi sport ustasi, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Farg‘onaning mergan qiziga keyingi musobaqalarda, xususan, to‘rt yillikning yirik tadbiri – Parij – 2024 Olimpiada bahslarida omad yor bo‘lishini tilaymiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ON4TykuYEn0" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA