Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onaning ayrim hududlarida soliq to‘lovchilar ixtiyorida 20 milliard so‘m qoladi
11:21 / 2021-10-22

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 14 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunida ayrim hududlarda soliq solishning alohida tartibini nazarda tutuvchi maxsus soliq rejimi kiritildi.

Xususan, Farg‘ona viloyatining So‘x tumani, Rishton tumanining “Cho‘ng‘ara”, Farg‘ona tumanida joylashgan “Shohimardon”, “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Hosilot” mahallasining Toshtepa-2 ko‘chasida faoliyat ko‘rsatayotgan soliq to‘lovchilarga nisbatan pasaytirilgan miqdordagi maxsus soliq stavkalarini qo‘llash belgilandi.

Unga ko‘ra, foyda solig‘i (amalda – 15 foiz), aylanmadan olinadigan soliq (amalda – bazaviy stavkasi 4 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (amalda – 12 foiz), ijtimoiy soliq (amalda – 12 foiz, byudjet tashkilotlaridan tashqari) stavkalari 1 foiz etib belgilab qo‘yildi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorlarda undiriladigan daromad solig‘i har chorakda 25 ming so‘m (amalda – faoliyat turlari bo‘yicha har oyda 25 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha), ijtimoiy soliq bo‘yicha yiliga (amalda har oyda) bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida belgilanishi nazarda tutildi.

So‘x tumanida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan Ilhomjon Salomov oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarining chakana savdosi uchun har oylik qat’iy daromad solig‘iga 100 ming so‘m, yiliga 1 million 200 ming so‘m, ijtimoiy soliq uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida 270 ming so‘m, yiliga o‘rtacha 3 million so‘m, jami 4,2 million so‘m miqdorida soliq to‘lashi zarur.

Imtiyozlar qo‘llanishi natijasidan qat’iy daromad solig‘iga har chorakda 25 ming so‘m, ijtimoiy soliq uchun yiliga 270 ming so‘m, jami 370 ming so‘m hisoblanib, yiliga 3,8 million so‘m miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘ tadbirkor ixtiyorida qolmoqda. Shuningdek, joriy etilgan yangi imtiyoz bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyent (belgilangan soliq stavkasining 10 foizi) qo‘llagan holda to‘lanishi belgilandi.

So‘x tumani “Zagnat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Hasan Inazarovning yashash xonadoniga amaldagi tartibga ko‘ra, 2021 yil uchun mol-mulk solig‘iga 136 ming so‘m, yer solig‘iga 903 ming so‘m, jami 1 million 39 ming so‘m soliq hisoblangan. Imtiyoz tufayli joriy yilgi mol-mulk solig‘iga 13,6 ming so‘m, yer solig‘iga 90,3 ming so‘m, jami 103,9 ming so‘m soliqlar hisoblanib, uning ixtiyorida 935,1 ming so‘m qoladi.

Hisob-kitoblarga qaraganda, barcha soliq turlariga tatbiq etilayotgan alohida stavkalar tufayli viloyatning chegara hududlarida istiqomat qiluvchi soliq to‘lovchilar ixtiyorida bir yilda qariyb 20 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda.

Albatta, bunday soliq imtiyozlari taqdim etilishi chegara hududlardagi soliq to‘lovchilarga iqtisodiy tomondan juda katta yordam bo‘ladi. O‘z navbatida, tadbirkorlik faoliyati kengayishi, aholi turmush farovonligi ortishiga xizmat qiladi.

 

M. Sulaymonov, O‘zA