Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onaliklar siyosiy jarayonda faol qatnashmoqda
08:19 / 2023-04-30

Farg‘ona viloyatidagi 1 ming 209 ta referendum uchastkalarida ovoz berish fuqarolarning faolligi hamda ko‘tarinki kayfiyati bilan boshlandi. Barcha uchastkalar ertalabki soat 8:00da davlat madhiyasi sadolari ostida ochilib, faoliyat ko‘rsatmoqda.

Farg‘ona tumani “Yangi asr” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 62-maktabda joylashgan 1113- referendum uchastkasida ham ushbu muhim siyosiy jarayonga puxta hozirlik ko‘rildi. Komissiya raisi Bekzod Mirzayevning ta’kidlashicha, 1 ming 701 nafar aholi ro‘yxatga olingan. Shuningdek, 7 yosh yigit-qiz birinchi marta ovoz beradi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yangi asr mahallasi tumanning obod hududlaridan biri. Toshloq va adirliklardan iborat bo‘lgan mazkur massivda so‘nggi yillarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yangi uy-joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari qurildi. Yuzlab oilalar yangi uylarga ko‘chib o‘tdi.

Referendumda ishtirok etayotgan aholining aksariyati bunday islohotlardan mamnun ekanligini bildirmoqda.

– Mening qarorim mamlakatimiz taqdiriga daxldorligidan mamnunman, – deydi  Zafarjon Qodirov.–Shu bois ham birinchilardan bo‘lib, konstitutsiyaviy huquqimdan foydalandim. O‘ylaymanki, barcha yurtdoshlarimiz bu siyosiy jarayonda uyushqoqlik bilan ishtirok etadi.

Bugun mamlakatimizda o‘tkazilayotgan referendum xalqimizning demokratik islohotlar yo‘lidagi yana bir muhim qadami bo‘lib, tarixiy voqea sifatida muhrlanmoqda. Zero, yangilangan konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi bilan ahamiyatlidir. Buni his etgan har bir yurtdoshimiz siyosiy jarayonda o‘zining xohish-istagini uyushqoqlik bilan ado etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shahar va tumanlarda tashkil etilgan referendum uchastkalaridagi ovoz berish ro‘yxatiga jami 2 milliondan ziyod fuqaro kiritilgan. Ularning 82 ming nafari birinchi marta ovoz beradi. Viloyatga kelgan xalqaro kuzatuvchilar ham referendum uchastkalarida jarayonni kuzatmoqda.  

Referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA