Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onaliklar muborak haj ziyoratiga kuzatilmoqda
12:40 / 2025-05-19

Qutlug‘ safar oldidan farg‘onalik ilk ziyoratchilarga Farg‘ona shahridagi tantanalar majmuasida fayzli dasturxon yozilib, bir piyola choy ustida maroqli suhbat tashkil etildi.

Tadbirda viloyat xokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, elu yurtimiz fayzi-farishtasi bo‘lgan nuroniylarimizni shunday baxtga musharraf bo‘lganliklari bilan samimiy qutladi.

– Prezidentimiz e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli hamyurtlarimizning bu boradagi ezgu orzu-maqsadlari to‘liq ijobat bo‘lishi uchun qulay sharoitlar yaratildi, – dedi viloyat rahbari. – Bu har yili minglab oilalarga xursandchilik olib kirmoqda. O‘z navbatida bunday sharafli maqomga ega bo‘lish islohotlar jarayonida faollikni oshirishga xizmat qilayotir.

Xususan, birgina o‘tgan yilning o‘zida Farg‘ona viloyatida haj ziyoratiga ketayotganlar tomonidan ehtiyojmand oilalarga 100 million so‘mlikdan ziyod moddiy yordam  ko‘rsatildi. Joriy yil ham bunday ezgu amallar salmog‘ini yanada oshirish maqsad qilingan.

Tantanali tadbirdan so‘ng Farg‘ona shahri hamda Quva tumanidan ziyoratga ketayotgan hamyurtlarimiz viloyat ishchi guruhi kuzatuvida Namangan xalqaro aeroportiga yo‘l oldi. Bu yerda har bir ziyoratchi uchun yordamchi biriktirilib, belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish hamda yuklarni bojxona nazoratidan o‘tkazishda ko‘maklashildi.

 – Shunday kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi Quva tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Bahodirjon Xolmatov. – Tabarruk maskanda yurtimizdagi tinch-osoyishta hayot, ertangi kun istiqboli yo‘lidagi islohotlar bardavom bo‘lishi uchun duo qilamiz.

Aytish joiz, bu yil 1600 nafardan ko‘proq farg‘onaliklar muborak haj amallarini bajarishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda ularning ilk guruhi – 240 nafari Saudiya Arabistoniga jo‘nab  ketdi.         

M.Sulaymonov, O‘zA