Vaqt hech qachon to‘xtab turmaydi. Ertangi kunimiz bugungisidan ham yaxshi bo‘lishi uchun barchamiz harakat qilishimiz, hamjihatlik bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shishimiz kerak. Befarqlik esa aslo yarashmaydi. Yangilanayotgan Konstitutsiya baxtli kelajagimiz, farovon hayotimizning muhim hujjati bo‘la oladi. 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkaziladi.
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida targ‘ibot tadbirida ishtirok etganlar o‘zlarining faolliklari, vatan taqdiriga befarq emasliklarini namoyish etdi. Navro‘zi olam shodiyonalari bilan hamohang Farg‘ona davlat universitetida tashkil etilgan mazkur tadbirda uch mingga yaqin talaba-yoshlarga yangilanayotgan Konstitutsiyaning muhim jihatlari xususida ma’lumotlar berildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 ming 715 ta takliflar kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan.Loyihani tayyorlashda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlat tajribasi o‘rganilgan. Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalar 275 tadan 434 taga oshgan.
Qariyb 4 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Farg‘ona viloyatida ham so‘nggi yillarda keng miqyosli islohotlar amalga oshirildi. “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida aholini hayotdan rozi qilish ishlari davom etmoqda. Albatta, bularning barchasida bosh qomusimizning o‘rni katta. Yangilanayotgan Konstitutsiya inson qadrini yanada yuksaltirishi, huquq va manfaatlarini himoya qilishi kabi o‘zgartirishlari bilan ahamiyatlidir.
[gallery-11057]
-Yaqingacha kasbimning nomini aytgani hijolat bo‘lardim, jamiyatda o‘qituvchi eng keraksiz a’zosidek bo‘lib qolgandi, — deydi Farg‘ona viloyatidagi chet tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati direktori Eleonara Dadajonova. -O‘qituvchining obro‘si tushgan, himoyasiz edi. Unga esa hamma “xo‘jayin”! Hali qarasang, hokimiyat ko‘cha supurishga chiqargan, hali qarasang, mahalla svetga yoki gazga pul to‘lamaganlarni ro‘yxatga oldirgan, hatto axlatga pul undirish uchun ham o‘qituvchini yuborishardi. Ruscha “snos” so‘zini bilmaydigan o‘qituvchi qolmadi. O‘qituvchilarning paxta yetishtirish va yig‘im-terim ishlarida ishtirok etishi haqida umuman gapirmasam ham bo‘lar edi. Xudoga shukur, endi bularni barchasini yomon tushdek eslaymiz. Afsuski, bu ishlar faqat o‘qituvchilarning o‘zinigina kamsitmadi. Mana shu himoyasiz o‘qituvchi, maktabga kelganidan keyin ham o‘quvchilarga dars berishdan boshqa hamma ishni qilgan bechora o‘qituvchi tufayli bir necha avlodning ta’lim-tarbiyasi izdan chiqdi. O‘zingiz ayting, axir bilimsiz, ilmsiz, jahon fanining ilg‘or yutuqlaridan bebahra bo‘lib o‘sgan avlod kelajakda davlatimizni qanday rivojlantirishi mumkin?!
Endi Konstitutsiyamizning 52-moddasida davlat ham, jamiyat ham o‘qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi zarurligi o‘z aksini topadi.Ya’ni o‘qituvchining mehnati jamiyatimiz va davlatimizni taraqqiy toptirishning asosiy omili ekanligi tan olinyapti.
Bundan buyon hech qaysi mansabdor o‘qituvchilarni kamsita olmaydi. O‘qituvchi endi o‘qitadi, ilm beradi, orzularga qanot, maqsadlarga qat’iyat bag‘ishlaydi.
— Vatanimizning ertangi taraqqiyoti, istiqboli albatta, biz yoshlarga bog‘liq, — deydi Farg‘ona davlat universiteti talabasi, Prezident davlat stipendiyasi sohibi Zuhriddin Jo‘rayev.-Shu bois ham yoshlar masalasiga muhim e’tibor qaratilib, barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini barchamiz katta qiziqish bilan o‘qib chiqyapmiz. Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishora hisoblanadi.Shuningdek, davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlang‘ich professional ta’lim bepul ekanligi ham belgilanmoqda. Men barcha tengdoshlarimni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga va baxtli kelajak uchun ovoz berishga chaqiraman.
Farg‘ona shahrilik Fotima va Zuhra Homidovalar sportchi qizlardan. Bolaligidan ularning yagona orzusi Osiyo, jahon chempioni bo‘lib, Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish edi. Ammo buni amalga oshishi uchun fuqarolik pasportining yo‘qligi halaqit bergan. Garchi ular O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lsalarda, fuqarolik pasportining berilmagani katta armon edi. Ko‘plab yurtdoshlarimiz qatorida ular ham O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Bu esa ularga katta imkoniyatlarni in’om etdi. Fotima trampolin bo‘yicha 7 karra O‘zbekiston chempioni, Zuhra esa taekvondoda nufuzli musobaqalar g‘olibi bo‘ldi.
Targ‘ibot tadbirida so‘zga chiqqan opa-singillar bu haqida so‘zlab, barchani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol bo‘lishga chaqirdi. Konsert-shou esa barchaga Navro‘zi olam shukuhini ulashdi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov (surat