Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onalik tashabbuskor tadbirkorlar aniqlandi
22:02 / 2021-06-11

Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyida "Tashabbus-2021" ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yuz nafarga yaqin tadbirkor, hunarmand va fermerlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida ular iqtisodiyotda yetakchi o‘rinni egallamoqda.2018 yili viloyatda 3 ming 780 ta yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etilgan bo‘lsa, 2020 yili pandemiya sharoitida bo‘lishiga qaramay 8 mingdan ziyod sub’ektlar tashkil etilib, ularning soni qariyb 2,2 barobarga ortdi. Shu yilning o‘zida yangi tashkil etilgan kichik biznes sub’ektlari hisobiga 14 mingdan ko‘proq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Buning natijasida mahalliy byudjetga 10,3 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ jalb etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bir necha yillardan buyon mamlakatimizda tadbirkorlar, fermerlar hamda xunarmandlar o‘rtasida ananaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Pandemiya sharoitida karantin qoidalariga qat’iy amal qilish maqsadida “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovining tuman- shahar bosqichlari o‘tgan yillardan farqli ravishda onlayn tarzda o‘tkazildi. Tuman-shahar bosqichlarida 1 ming 678 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar qatnashdi.

[gallery-2765]

Tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avazbek O‘rinboyev 1996 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichlarida viloyat sharafini munosib himoya qilgan hamyurtlarimiz nomini faxr bilan e’tirof etdi. Xususan, “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi, “Kamrax”, “Umid” fermer xo‘jaliklari, mohir hunarmandlar Abdug‘ani Abdullayev, Turg‘unboy Mirzaahmedov, kulollar Alisher Nazirov, Mirzomasxar Akramovlar respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovrini sifatida avtomashina bilan taqdirlangani ta’kidlab o‘tildi. Tanlovning bu yilgi viloyat bosqichi g‘oliblari ham ushbu an’anani davom ettirgan holda, respublika bosqichida munosib ishtirok etishlariga ishonch bildirildi.

Hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovining joriy yilgi viloyat bosqichi g‘oliblari nomi tantanali tarzda e’lon qilindi.

“Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyasi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rin Qo‘shtepa tumanidagi “Ismoiljon gilamlari” xususiy korxonasi rahbari Ibrohimjon Sultonovga nasib etdi. “Yilning eng yaxshi fermeri” nominatsiyasida Oltiariq tumanida joylashgan Orzuxon Nurboyeva boshchiligidagi “G‘afforjon nurli kelajagi” fermer xo‘jaligi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Yilning eng yaxshi tadbirkori” (sanoat yo‘nalishi bo‘yicha) nominatsiyasida Oltiariq tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “Xamza eksport art tekstil” korxonasi, “Yilning eng yaxshi tadbirkori” (xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha) nominatsiyasida Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona tibbiyot fayzi” MCHJ jamoasi g‘oliblikka munosib ko‘rildi. 

“Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” nominatsiyasida Uchko‘prik tumanida joylashgan “Mehrigiyo” xususiy korxonasi rahbari Xondamir Nuritdinov birinchi o‘rin sohibi sifatida e’tirof etildi. Beshta nominatsiya bo‘yicha faxrli ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari ham tantanali ravishda e’lon qilindi. G‘oliblarga viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i, qimmatbaho sovg‘alari taqdim etildi.

Shuningdek, rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat),  O‘zA