French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onalik pillakorlar marrani zabt etdi
12:38 / 2022-06-06

Ayni kunlarda yurtimizda sanoatning muhim xomashyosi – pilla hosilini sifatli yig‘ib olish ishlari avj pallaga kirgan.

Farg‘ona viloyati pillakorlari tomonidan bu yil 39 ming 168 quti ipak qurti parvarishlandi, 2 ming 240 tonnadan ziyod “kumush tola” yetishtirilib, reja ortig‘i bilan bajarildi. 

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili viloyatda 150 gektarga yaqin yangi tutzorlar barpo etilib, 6 million 222 ming tup tut ko‘chatlari ekilgan edi. Joriy yilda bunga qo‘shimcha ravishda 7 million 267 ming tup tut ko‘chatlari o‘tqazilib, parvarishlandi. Bu esa ipak qurti uchun yetarli ozuqa bazasi yaratilishiga, pilla hosili mo‘l bo‘lishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari, viloyatning shahar va tumanlaridagi 4 ming 923 ta fermer xo‘jaliklari bilan 8 ta pillachilik klasterlari o‘rtasida pilla yetishtirish bo‘yicha shartnomalar hamda fermer xo‘jaliklari bilan 32 ming 778 nafar qurt boquvchilar o‘rtasida ichki mehnat shartnomalari tuzildi. 

Har bir tumanda tashkil etilgan inkubatoriylarga malakali mutaxassislar biriktirildi, sifatli urug‘ yetishtirishga e’tibor qaratildi. Zarur jihoz va uskunalar bilan ta’minlandi. 

– E’tiborlisi, keyingi yillarda pillachilik tarmog‘i jadal rivojlanmoqda. Bunda eksport imkoniyatlari yildan yilga yaxshilanib borayotgani, mehnat qonunchiligida alohida imtiyozlar joriy etilayotgani, ipak qurti boqish aholining doimiy daromad manbaiga aylanayotgani ahamiyatlidir, – deydi viloyat “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruvi raisi Maqsudjon Qosimov. 

– Avvalo, pillachilik klasterlari bilan hamkorlikda har yili minglab ish o‘rni yaratilmoqda. Har bir kilogramm pilla hosili uchun bu yil 24 ming 700 so‘mdan tarozi ustida naqd pul to‘lab berildi. Shuningdek, 5 ming so‘mdan davlat subsidiya mablag‘i ham to‘lanyapti. Daromad yaxshi bo‘lgach, mehnatga munosabat ham, intilish va g‘ayrat ham o‘zgacha bo‘lishi tabiiy. Ayni kunlarda ikkinchi mavsum ipak qurti boqish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. 

“Kumush tola” xirmoni yuksalishida viloyatda tashkil etilgan 6 ta klaster korxonalari, jumladan, “Nurli tong silk”, “Beshariq ipagi”, “Dangara ipagi”, “Silk world business”, “Vodil ipak yigiruv”, “Uchkoprik ipagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonalarining hissasi katta bo‘ldi. O‘rtacha hosildorlik 57,5 kilogrammni tashkil etgani holda, pilla terimi davom etmoqda.

M. Sulaymonov, O‘zA