Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onalik o‘qituvchilar Yaponiyada
14:40 / 2025-10-21

Ta’lim jonli jarayon. U doim o‘zgarib turadi, rivojlanadi, texnologik yangiliklar hisobiga boyiydi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda ta’lim muassasalari mutaxassislari dunyoning ilg‘or uslublari, xorijiy tajribani o‘rganish uchun Yaponiyaga safar qildilar. Ular orasida 30 nafar farg‘onalik faol o‘qituvchi ham bor.

Safar Prezidentimiz raisligida joriy yilning 15 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Farg‘onalik o‘qituvchilar delegatsiyasi Yaponiya ta’lim muassasalarida bo‘lib, o‘quv jarayoni, o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlari, darsdagi intizom hamda hamkorlik muhiti bilan yaqindan tanishmoqda.

– Delegatsiyamiz vakillari safar davomida Yaponiya ta’lim tizimi bilan  tanishib, bilim va ko‘nikmalarini boyitishmoqda, – deydi biz bilan telefon orqali suhbatda Farg‘ona viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov. – Biz Tokio prefekturasi Suginami tumani «Koyendzi gakuen» boshlang‘ich maktabi faoliyati  bilan tanishdik. So‘ngra shu tumandagi Momoi 2-sonli boshlang‘ich maktabida maxsus ehtiyojli o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganib, dars jarayonlarida qatnashdik. Bolani nutqiy va aqliy rivojlantirish uchun musiqa va jismoniy tarbiya fanlarining o‘rni juda samarali ekanligini ko‘rdik. Yana bir qiziqarli voqeaga guvoh bo‘ldik. «Koyendzi gakuen» boshlang‘ich maktabida darslar ertalabki badantarbiyadan boshlanar ekan. U raqs shaklida tashkil etilgan. Darsni esa maktab o‘qituvchilari emas, balki homiy va xayrixohlar o‘tar ekan.

Farg‘onalik o‘qituvchilar delegatsiyasi uchun safar doirasida O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida “Yaponiya maktab ta’limi” va “Yaponiyada axloqiy tarbiya” to‘g‘risida ma’ruzalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Koyendzi gakuyen” boshlang‘ich maktab faoliyati bilan tanishish, Gakugei universitetida “Yaponiyada pedagogik kadrlarni tayyorlash tizimi” va Soka universitetida “Yaponiya ta’lim tizimi” to‘g‘risida taqdimotlar ham bo‘lib o‘tadi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA