Farg‘ona viloyatining ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhi Andijonda bo‘ldi.
Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon va Farg‘ona viloyatlari bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan muloqot va press-tur ishtirokchilari ikki viloyat jurnalistlari hamkorligini mustahkamlash yuzasidan muloqot o‘tkazdi.
Dastlab farg‘onalik jurnalistlar ishtirokida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida “Hamkorlik istiqbollari” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Muloqotda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Zohidjon Tojiboyev ijodiy va do‘stona tashrif OAV vakillari uchun mahorat maydoni, tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab, yurtimizda, xususan, Andijonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik jarayonlari, «Yangi Andijon» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Mazkur loyiha haqida keng ma’lumotlar berdi.
Muloqotda O‘zbekiston Jrnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova, Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov soha xodimlarining faoliyati, sohadagi yutuqlar, ikki viloyat jurnalistlari hamkorligini mustahkamlash xususida so‘z yuritdi.
Press-tur doirasida farg‘onalak jurnalistlar «Andijonnoma» va «Andijanskaya pravda» gazetalari tahririyati hamda Andijon viloyati teleradiokompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Tahririyat va televideniye jamoalari bilan o‘zaro tajriba almashish yuzasidan fikr almashildi.
– Jurnalistlar uchun bu kabi ijodiy uchrashuvlar juda zarur ekanligini yana bir bor his qildim, – deydi Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasi muharriri Tohirjon Shukurov. – O‘zaro tajriba almashish, hamkasblarning ilg‘or ish uslublari bilan tanishish shubhasiz, faoliyatimizni yanada samarali olib borishga yaqindan yordam beradi.
Shuningdek, press-tur doirasida farg‘onalik ommaviy axborot vositalari vakillari Z. M. Bobur nomli Andijon viloyati axborot kutubxona markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Fayzli dasturxon atrofidagi samimiy suhbat va muloqotda Andijon va Farg‘ona viloyatlari jurnalistlari hamkorligini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA