O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi tub o‘zgarishlardan biri – hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati va Xitoyning Shinjon uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida ham shunday munosabatlar boshlangan. Hozirda uzumchilik bilan shug‘ullanadigan Farg‘onaning Oltiariq hamda Shinjonning Turfon tumanlari hamkorligi o‘rnatilyapti. Bunga “Farg‘ona haqiqati” gazetasining “Ko‘ngil” studiyasi Xitoyning “Yangiliklar axborot Agentligi” – CNS ishtirokidagi “Shinjon: Turfon mo‘’jizalari” hujjatli filmi sabab bo‘ldi. Unda ikki davlatning uzum yetishtiruvchi fermerlari hayoti tilga olinadi. Turfon uzumchiligi tajribasi tahlil qilinadi. Shuningdek filmda Turfon qishloqlaridagi oddiy dehqonlar hayot tarzi, olovli vodiyning tarixiy obidalari, sanoat korxonalari aks etgan.

Shinjon tashabbusi bilan filmning Turfonda taqdimoti o‘tkazildi. Unda partiya qo‘mitasi, xalqaro aloqalar boshqarmasi rahbarlari, shinjonlik kinoijodkorlar, jamoatchilik vakillari, Xitoy va Markaziy Osiyo jurnalistlari forumi qatnashchisi bo‘lgan 21 ta ommaviy axborot vositalarining jurnalistlari ishtirok etdi.

Film namoyishi muvaffaqiyatli o‘tdi. Muhokamada so‘zga chiqqan Xitoy kompartiyasi Turfon qo‘mitasi propoganda bo‘limi rahbari Sun Tao filmga yuqori baho berib, u ikki davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Turkiya TRTning taniqli jurnalisti, ko‘plab filmlar muallifi Yosef Sami Kamadan, Qirg‘izistondagi “Slovo” gazetasi bosh muharriri Arkadiy Gladirov, Qozog‘iston televideniyesi rejissyori Nurlan Nurgazin va boshqalar film g‘oyat samimiy, ishonchli va hayotiy chiqqanini ta’kidladi. Shuningdek, tasvirchi mahorati alohida qayd etildi.

Taqdimot chog‘ida turfonlik uzumchi bog‘bon Akbar G‘ofur ham so‘zga chiqib, filmda O‘zbekiston uzumzor bog‘larini ko‘rgach maftun bo‘lganini va kelgusida albatta o‘zaro tajriba almashish uchun O‘zbekistonga, Oltiariqqa borish istagini bildirdi.
Shinjon ma’murlari o‘zbek jurnalistlari yaratgan film telekanal va internet saytlari orqali namoyish etilishini aytishdi.
– Mazkur film Farg‘ona viloyati va Shinjon o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixiga yangi sahifa bo‘lib yoziladi, – dedi Sun Tao janoblari.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gFpNT7BVNm4" title="Farg‘onalik ijodkorlar filmi Xitoyda namoyish etildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA