FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi sobiq Mexanika zavodi hududida “Ferghana Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co., Ltd” korxonasida ishlab chiqarilgan 128 ta paxta terish mashinasi viloyat fermerlariga topshirildi.
Tantanali marosimda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, mustaqillik bayrami bilan tadbir qatnashchilarini qutladi va qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanishicha, fermerlar endilikda reja uchun emas, manfaat va daromad uchun ishlaydi, zamonaviy texnika va texnologiyalar esa hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-25100]
O‘tgan yili viloyatda 60 ta paxta terish mashinasi bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 140 tagacha yetkazish rejalashtirilgan. Ayni paytga qadar 128 ta mashina xarid qilindi. Shu orqali mavsumda paxta maydonining kamida 60 foizini texnika yordamida yig‘ib olish mumkin bo‘ladi. Kelgusi yili esa bu ko‘rsatkich 90 foizga yetkaziladi.
Fermerlar terim mashinalarini 20 foiz dastlabki to‘lov bilan 10 yilgacha lizing asosida xarid qilish imkoniyatiga ega. Shuningdek, klaster va fermer xo‘jaliklariga 15 foizlik subsidiya, mavsumda har tonna paxta uchun esa 1 million so‘mdan davlat qo‘llab-quvvatlovi beriladi.
Tadbirda fermerlarga yangi mashinalar kalitlari tantanali topshirilib, nuroniylar duoga qo‘l ochdi. O‘z navbatida fermerlar minnatdorligini bildirdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA