Prezidentimizning 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmoni yurtimizda barkamol avlod orzusi yo‘lidagi ishlar ko‘lamini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ayni jarayondagi sa’y-harakatlar doirasida Farg‘ona sanoat va xizmat ko‘rsatish texnikumida xalqaro ta’lim dasturi bo‘yicha sinov tashkil etildi. Bu dastur asosan Buyuk Britaniyaning "Pearson BTEC-3” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Xalqaro ta’lim dasturi orqali kompyuter grafikasi va dizayn operatori, elektromontyor, metallarga ishlov berish hamda payvandlovchi kabi mehnat bozorida talab va ehtiyoj katta bo‘lgan zamonaviy kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Ta’lim dasturi rejasiga ko‘ra, har bir yo‘nalishga 30 nafardan – 4 ta yo‘nalish bo‘yicha 120 nafar o‘quvchi saralab olinadi. O‘quvchilarga o‘quv yilining so‘nggi amaliyot dasturlarini 70 dan ortiq davlatlarda o‘tashi uchun imkoniyat yaratiladi. Yakunda esa o‘quvchilarga 120 dan ortiq mamlakatda tan olingan xalqaro toifadagi diplom hamda sertifikat beriladi.

Farg‘onada eng bilimdon va iqtidorli yigit-qizlarning dastlabki guruhi saralab olindi. Bu ta’lim dasturida o‘qish orqali ular kelajakda jahon bozorida raqobatdosh mutaxassis sifatida eng nufuzli xalqaro kompaniyalar, yurtimizdagi korxona-tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlarida mehnat faoliyatini olib borish imkoniga ega bo‘ladi.
M.Sulaymonov, O‘zA