Farg‘onalik Elyor Qodirov firibgarlikda shaytonga ham dars beradiganlar xilidan ekan.
Ilgari yetti bor sudlanib, tegishli jazoni olgan bo‘lsada bu yo‘ldan qaytmadi. Xavfli retsidivist soddadil odamlarni chuv tushirishni, aldashni kunlik odatiga aylantirdi.
Bu dunyoda ishonch muhim narsa sanaladi. Afsuski, E. Qodirov aldash va ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan birovlarning katta miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish payida bo‘ldi hamda uddasidan chiqdi ham.
O‘tgan yilda Dilnoza Karimova bilan “telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishib, unga o‘zini Toshkent shahrida yashashligi, ikki nafar farzandi borligi, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganligini aytadi. Vaholanki, uning oilasi bor edi. Hatto o‘z ismi-sharifini yashirib, boshqa nom bilan o‘zini tanishtirgan. Toshkent va Qo‘qon shaharlarida oziq-ovqat bazalari borligini bildirib, o‘zini tadbirkor va puldor sifatida ma’lum qiladi. Ayolning turmush o‘rtog‘i yo‘qligini bilgach qonuniy nikohdan o‘tishga va’dalar berdi.Dastlab Elyor Qo‘qondagi qarindoshlari to‘y qilayotganligini yolg‘ondan aytib, to‘yona uchun 500 AQSH dollari miqdoridagi pulni uch-to‘rt kun ichida qaytarib berish sharti bilan oladi, ammo qaytarishini xayoliga ham keltirmaydi.
Dilnoza bilan “shar’iy nikoh asosida yashash” niqobi asosida yashab, shu yo‘l bilan uning ishonchiga kirdi. 2020 yil 10 iyul kuni aslida mavjud bo‘lmagan Qo‘qondagi oziq-ovqat bazasining balansini ko‘tarish kerakligini, undan keladigan foydadan berishini aytib, ayolning 12 000 AQSH dollari miqdoridagi pulini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ayolning Milliy bank Farg‘ona filialiga tegishli viza kartasi borligidan xabar topib, pulini tanishlari yordamida ko‘paytirib berishni aytadi hamda 5400 AQSH dollariga ega chiqadi. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, go‘yoki o‘zi va o‘ziga qarashli “odam” DXX xodimlariga 40000 AQSH dollari miqdoridagi pul bilan qo‘lga tushib qolganligini, uni qaytib olish uchun 9000 AQSH dollari miqdorida pul berishi lozimligini aytib, shu miqdordagi pullarni qo‘lga kiritgan. Albatta, bu kabi yolg‘onlar asta sekin ko‘paya bordi. Dilnozaga Qo‘qon shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan 89000 AQSH dollari miqdoridagi pullar bilan qo‘lga tushib qolganini, qaytib olishga 8000 AQSH dollari miqdorida pul zarurligini aytib, o‘zini jabrdiyda sifatida namoyon qiladi. Uning “Neksiya-3” avtomashinasini sottirishga erishib, sotuvdan tushgan 8000 AQSH dollari miqdoridagi pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Sud materiallari bilan tanisharkansiz, firib ustasining nayranglariga hangu mang bo‘lasiz. Elyor Dilnoza bilan birga yashashgan davrda uning 34900 AQSH dollari va 11 million so‘m miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritib, ushbu pul mablag‘larining 13 888 AQSH dollari miqdorini ayolga tegishli uyning qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari va boshqa xarajatlari uchun sarflaydi. Qolganini esa o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatgan. Bundan tashqari, bu davrda ayolning qarindoshlarini ham chuv tushirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi Kamoliddin Rahimovning O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, sud tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, E.Qodirovga sakkiz yil ikki oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar esa undirilishi belgilandi.
M. Sulaymonov, O‘zA