Jurnalist va adiblar bilan safardosh bo‘lishning ayricha latofati, zavqi-shavqi bor-da! Hazil-huzil, shoirona lutflardan boshlangan gurunglar mamlakatda, jahonning allaqaysi burchlarida ro‘y berayotgan hodisalarga ulanib, beadoq bahsu munozaralarga aylanib ketadi.
Ayniqsa, safaring Farg‘onadek go‘zallikda beqiyos diyorlar tomonga bo‘lsa, bir quvonchingga o‘ni qo‘shilib, ko‘ngillar daryo, ehtiroslar ummon misol ko‘piradi.
Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi. Farg‘onaning ikki zabardast ijodkori – Oxunjon Hakimov va Yo‘ldosh Sulaymon xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan adabiy konferensiyada ishtirok etish uchun besh kasbdosh yo‘lga chiqdik. Alomat lahzalar aeroportda, Farg‘onaning yana bir e’tiborli farzandi, taniqli telejurnalist Muhammadjon Obidov bilan yuzma-yuz kelgan damlardayoq boshlanib ketdi. Mezbon bilan hali salom-alik oxiriga yetib-yetmay, “XXI Asr” gazetasi bosh muharriri shoir Norqobil Jalil she’r to‘qib yubordi:
Ko‘ray desang ertakda yo‘q afsonani,
Afsonalar havas qilgan koshonani;
Tog‘lar oshib, dunyo kezib bo‘lmang sarson,
Farg‘onani ko‘ring do‘stlar, Farg‘onani.
Samarqandlik shoir va dramaturg Farmon Toshev ham o‘qlangan miltiqday shay turgan ekan, ketdi davom ettirib:
Har dala-yu, har daryo-yu, har shonada,
Har mahalla, har ko‘cha-yu har xonada.
Mehnat zavqi, ijod zavqi, ilhom zavqi,
Yashash zavqi chappar urar Farg‘onada!
-Ofarinlar! – hayqirib yubordi mezbon. – Hozir haqiqatdan ham Farg‘onada bekorchi odamni kunduzlari chiroq yoqib ham topolmaysiz. Hamma band, hammaning qalbi, shoirona aytganda, yaratuvchilik ishqida yonmoqda. Ketdik, tadbir boshlanguncha men sizlarga yurtdoshlarimiz qanday mehnat qilayotganini ko‘rsataman.
She’riyatdan boshlangan suhbat shu tariqa o‘z-o‘zidan dalaga ko‘chdi.
-Aka, Farg‘onada paxtakorlarning kayfiyati qanday? – so‘raydi “Ishonch” gazetasi bosh muharriri, senator Husan Ermatov.
-Qanday emas, qantday, deng! – g‘urur bilan javobga hozirlandi Muhammadjon Obidov. – Bilasiz, hamma joyda g‘o‘za odatda bir qatorlab ekiladi. Bir qatorlab ekilganda har gektar maydonda 90-100 ming tup ko‘chat bo‘ladi. Farg‘onada esa qo‘sh qatorlab ekildi. Bu har bir egatda 200-250 ming tupdan ko‘chat bo‘ldi, degani. Ko‘chatning ikki barobar ko‘p ekilishi hisobiga hosildorlik ham ikki barobar ko‘payib, gektaridan 60 sentnerdan oshib ketyapti.
-Qo‘shqator ekish bir paytlar o‘zini oqlamagan, – dedi suhbatni diqqat bilan eshitib kelayotgan “Hurriyat” getasining bosh muharriri Abdurasul Jumaqul. - Men yaxshi eslayman, bolaligimizda har tup g‘o‘zada 200 tagacha ko‘sak sanash mumkin edi. 4-5 martalab terardik. Shundan keyin ham ancha- muncha ko‘sak qolib ketardi. Ko‘sak tergich mashinalar yig‘ib olardi qolganini. O‘sha navlar yo‘q bo‘lib ketdi. Afsus. Bir qarich hozirgi paxtalar. Bir paytlari paykal oralasang ko‘mib yuboradigan g‘o‘zalar endi yo‘q.
Abdurasulning bolaligi ham Surxon paxta paykallari orasida qolib ketganda, biladi...
-Gapingizda haqiqat bor, deydi mezbonimiz. – Ammo qo‘shqatorlab ekilgan g‘o‘za garchand siz aytgandek odamni ko‘madigan darajada daroz bo‘lmasa ham, hosili ko‘p. Shu joyda sizlarga bir gapni aytmasam bo‘lmaydi. Prezidentimiz 2024 yildagi viloyatimizga qilgan tashrifida kelgusi yil Farg‘onada xitoy uslubida paxta yetishtirishni joriy qilamiz, dedilar. Davlat rahbarining topshirig‘i ado etildi. Viloyatning barcha tumanlarida 40-50 foiz paxta maydoniga Xitoydan keltirilgan urug‘ ekildi. Qo‘shqator uslubi joriy qilindi. Plyonka ostiga tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Bir so‘z bilan aytganda, paxtachilikda ham innovatsiya, ilm kirib keldi. Xitoy texnologiyasi asosida qo‘shqatorlab ekilgan paxta bugun o‘z hosilini beryapti. Birinchi terimdayoq gektaridan 55 sentnerdan hosil olinyapti. Hozir istagan fermerning paxtazorini ko‘ring, oppoq dengiz bo‘lib yotibi dala.
-Parvarishi-chi, qanday ekan? Suv ichishi, dori-darmonga ehtiyoji? – qiziqdi “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri, olim va adib Ahmadjon Meliboyev.
-Ikki marta defolyatsiya qilindi. O‘g‘it-dori sal ko‘proq berildi. Tola zo‘r. Faqat chigitdan yog‘ chiqish miqdori kamroq. Bugun mamlakatimizga tola kerak, juda ko‘p kerak. Negaki, keyingi 7-8 yilda o‘nlab yirik-yirik to‘qimachilik fabrikalari ishga tushirildi. Hatto, paxta xomashyosi yetmayotgani uchun tolani xorijdan sotib olishga to‘g‘ri kelgan vaqtlar ham bo‘lyapti. Xitoy usulida parvarish qilingan paxtaning tolasi avvalgilardan bir qancha ustun. Shu kunlarda paxta zavodlari bu yilgi paxtani qayta ishlashni boshlab yubordi. –
Obidov shu yerda bir nafas to‘xtab, atrofdagilarga ko‘z tashlab oldi. - Qani, kim biladi, bir tonna paxtadan qancha tola chiqadi? – o‘rtaga savol tashladi keyin.
-30-35 foizgacha. – Shu damning o‘zidayoq javob qaytardi Abdurasul Jumaqul.
-E, yashang! Bizning paxtadan chiqqan tola 45 foiz! 45 qayoqda-yu 35 qayoqda. Ham yer, ham mehnat, ham suv tejalayotgani bu hisobga kirmaydi. Daromadni aytmaysizmi? Million-million! Umuman, paxtachilikda keskin burilish boshlandi. Prezidentimiz tashabbuslarining bittaginasidan kelayotgan xushxabar bu. Bunday xushxabarlarning son-sanog‘i yo‘q.
– Endi sizlarga Yurtboshimiz mehri bilan yaratilgan yana bir mo‘’jizani ko‘rsatmasam bo‘lmaydi. Muhammadjon aka shu so‘zlarni ayta turib, “Ekoshahar”ga haydang, deya haydovchiga murojaat qildi.
Mashina katta yo‘ldan o‘ngga burilib, bir pas yurgach, cho‘l o‘rtasida qad kerib turgan yam-yashil shaharcha yonida to‘xtadi. Atrof gulzor, chap tomonda aylanasiga ko‘l, o‘ng tomondagi daraxtzorlar orqasida baland imoratlar.
— Bu yerlar qip-qizil toshloq cho‘l edi, ertaklarda qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadi, deyiladigan sahro edi, bir tup giyoh topilmasdi, – tanishtira boshladi mezbon. - Hozirgiday qulog‘im ostida turibdi, Prezidentimiz 2020 yili viloyatimizga kelganlarida biz turgan mana shu joyga kelib, bu yerda yangi shahar quramiz, dedilar. - Men ko‘p, juda ko‘p o‘yladim, deb davom etdilar keyin Prezidentimiz. - Farg‘ona shahrining aholisiga sharoit yaratish uchun nima qilish kerak, degan savol meni ko‘p qiynadi. Farg‘ona qadimiy shaharlarimizdan biri. Uning ko‘chasi tugul, bitta g‘ishtiga ham teginib bo‘lmaydi. Hammasi xalqimizning o‘tmishi bilan bog‘lanib ketgan. Arxitekturasini buzish kerak emas. O‘ylab-o‘ylab, nihoyat shu yerda yo‘ldosh shaharcha quramiz, degan to‘xtamga keldim. Shaharchaning nomi “Yangi Farg‘ona” bo‘ladi. “Yangi Farg‘ona” - “Eko shahar” maqomida bunyod etiladi. Shaharchada gaz, tutun degan zararli narsalar bo‘lmaydi. Chiroqlar quyoshdan nur oladi, xonadonlar elektr bilan isitiladi.

O‘sha yilning o‘zidayoq ishlar boshlandi. Tepadan, Shohimardonsoydan suv olib kelindi. 2 ming o‘rinli amfiteatr qurildi. Mustaqillik, Navro‘z bayramlari ikki yildan buyon shu yerda o‘tyapti
Besh yil ichida dunyoga keldi ko‘rgan ko‘zni mahliyo qiluvchi “Ekoshahar”. Besh yil davomida Prezidentimiz viloyatga qachon kelmasinlar, birinchi qadamni shu yerdagi ishlar bilan tanishishdan boshladilar. Bosh vazir rahbarligida muntazam ishchi yig‘ilishlari o‘tkazildi. Besh yilda cho‘l o‘rnida mo‘’jizaviy shahar qad rostladi.

Mezbon haq. 300 gektarlik maydonda barpo etilayotgan “Ekoshahar”, hech shubhasiz, hech bir mo‘’jizadan kam emas. Bu shahar hademay nafaqat viloyatda, balki, butun vodiyda eng yirik va obod manzillardan biriga aylanishiga ham zarracha shubha yo‘q. Shaharcha, yuqorida aytilganidek, Farg‘onada aholini uy-joy va ish bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik va imkoniyat yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishning zamonaviy texnologik bazasini shakllantirish maqsadida bunyod etilmoqda
— Ko‘lni chiroyliligini qaranglar.
—Buyam shaxsan Prezidentimizning g‘oyasi. — “Yangi O‘zbekiston” gazetasining bosh muharriri Salim Doniyorovning hayratlariga izoh berdi mezbon. - Men Dubayda favvoralar shousini ko‘rganman. Bu yerda Dubaydagidek ko‘l qilamiz, dedilar Prezidentimiz yana bir kelganlarida, Shohimardonsoydan oqib kelgan suv kechqurunlari xuddi Dubaydagi singari ko‘l ustida raqsga tushib turadi.
Prezidentimizning orzulari, maqsadlari bekamu ko‘st amalga oshdi. Kechqurunlari bu atrofga odam sig‘may ketadi. Keksalar dam oladilar, bolalar yugurib o‘ynaydi, velosipedda sayr qiladi, amfiteatrda tomoshalar, konsertlar ko‘rsatiladi.
Shu o‘rinda shaharcha loyihasi xususida ikki og‘iz ma’lumot.
Loyiha mamlakatimiz rahbarining topshirig‘i binoan Janubiy Koreya tajribasi asosida ishlab chiqildi. Bu yerda bo‘y ko‘rsatayotgan 7, 9, 12, 25 qavatli uylarning qurilishiga Janubiy Koreya, Turkiya davlatlarining taniqli kompaniyalari jalb etilgan. Hozirgi kungacha "Yangi O‘zbekiston bog‘i" hamda "Kichik sanoat zonasi" tashkil etildi. “Ekoshahar” hududida uy-joylar qurish, obodonlashtirish, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini tortish va “Yangi O‘zbekiston bog‘i” qurish davom etmoqda.
Shaharchada 85,5 ming aholi uchun 204 ta ko‘p qavatli uylar qurish belgilangan. Uylar atrofida bog‘cha, umumta’lim maktabi, poliklinika, masjid hamda sog‘lomlashtirish majmuasi bunyod etiladi, ma’muriy idoralar qad rostlaydi. “Yapon mehmonxonasi", "Yapon bog‘i" va "Savdo majmuasi” ham mezbonlar va mehmonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qurilmoqda.
“Ekoshahar” hududining 50 gektar maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etilgach yuzlab yangi ish o‘rinlari ochiladi. Unda birinchi navbatda soha mutaxassislari, hududdagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan hamda uyushmagan yoshlar va xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi.
Hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. “Yangi O‘zbekiston” massivi turkumiga kiruvchi ko‘p qavatli uylar bunyod etilmoqda.
-O‘zbekiston Dubayi bo‘ladi hali bu shahar, – dedi yashil xiyobonlardan iftixorga to‘lib Muhammadjon Obidov.
-Dubayga havas qilish yaxshi, albatta. Lekin bunday ko‘klam manzara u tomonlarda ham yo‘q. – deya hammamizning ko‘nglimizdan kechayotgan bir haq gapni tilga oldi Husan Ermatov. – Yuz qavatli uy bo‘lsa-yu, ko‘kragingni to‘ldirib nafas oladigan joy bo‘lmasa. Meni xursand qilayotgan yana bir narsani aytay, bunday maskanlar mamlakatimizning eng chekka ovullarida ham bunyod etilyapti.
Umuman, so‘nggi sakkiz yil ichida odamlarning turmush sharoitini yaxshilash, eng murakab davrda kambag‘allikka qarshi kurash kabilar davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, umummilliy harakatga aylandi.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston modeli” yaratildi. - Husan Ermatov shu so‘zlarni ayta turib yon daftarchasini ochdi. – Eshitinglar! – davom etdi keyin. - Mamlakatimizda so‘nggi yillarda 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024 yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni olti foizga kamaytirish maqsad qilingan.
Iqtisodiyotimiz ikki karra o‘sdi, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetkaziladi. Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5 – 3 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar hisobiga 2030 yilga qadar kambag‘allik O‘zbekistonimizda 2 karra qisqartiriladi. Bunga hech qanday shubha yo‘q.
-Hoji akam hozir “Yangi Farg‘ona”dagi ishlarni aytdilar. Viloyatimizning boshqa joylaridagi o‘zgarishlar ham bu yerdagidan qolishmaydi, - suhbatga qo‘shildi Azimjon Xudoyqulov. Aytganday, sizni ikkinchi mezbon bilan tanishtirmabman. Bir pasgina bo‘ldi uning safimizga qo‘shilganiga. Azimjon Xudoyqulov “Yozyovon tongi” gazetasining bosh muharriri va, ayni paytda, viloyatning ko‘p yillik fermerlaridan biri hamdir. – Bir mahallar sevimli adib Said Ahmad tasvirlagan Yozyovon cho‘llari hozir jannat. Keyingi 7 – 8 yilda shunaqangi ko‘rkam imoratlar qurilib, qishlog‘u mahallalarimizda katta o‘zgarishlar bo‘ldiki, aytib ado qilish qiyin. Yoki Marg‘ilon. Ko‘p qavatli uyning o‘zidan 50 dan ortig‘i bitkazilib egalariga topshirildi. Jami 82 ta baland uylar quriladi Marg‘ilonning “Yangi O‘zbekiston” massivida. Bu 6532 xonadon uyli-joyli bo‘ladi deganidir. Ijtimoiy tuzilma ob’ektlari, shifoxona, ko‘ngilochar maskanlar, yashil bog‘lardan tashqari, 35 gektar maydonda Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan alloma Burhoniddin Marg‘inoniy sharafiga “Burhoniddin Marg‘inoniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” barpo etilmoqda.
Markazda kutubxona, ma’muriy xonalar, arxiv, ko‘rgazma zali, labaratoriya, biznes markaz, Fiqhshunoslik ta’lim muassasasi, anjumanlar zali, masjid, maqom teatri, muzey, Otabek-Kumush uyi, milliy uslubdagi mehmonxonalar, savdo, xizmat ko‘rsatish majmualari, bozor, Huquqshunoslik instituti va talabalar uchun turar joy binolari quriladi. Yana nimalar bo‘layotganini Muhammadjon hoji akamning o‘zlari aytsinlar, tug‘ilib o‘sgan joyi, besh qo‘lday biladilar.
-Farg‘ona vodiysidagi eng qadimgi shaharlaridan biri hisoblanadi bizning Marg‘ilon, – deya so‘zlay ketdi Azimjonning gapidan ilhomlanib ketgangan Obidov. - Tarixi uzun. Lekin asrlar davomida bo‘lmagan ishlar bo‘lyapti hozir shahrimizda. Shahar tubdan qayta qurilyapti. Prezident qarori bilan Marg‘ilonni kompleks rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 70 milliard so‘m mablag‘ ajratib berilgan. Renovatsiya dasturi asosida bunyod etilgan zamonaviy uy-joylarning bir nechtasi foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida marg‘ilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, shaharda yangi uy-joy massivini qurish – barak, ma’nan eskirgan uylar o‘rnida arzon va sifatli uylar barpo etish borasida topshiriqlar bergan edilar. Shaharning “Ipakchi” mahalla fuqarolar yig‘inida 68 ta bir qavatli eski uylar mulkdorlarning roziligi bilan buzilib, 440 xonadondan iborat 11 ta ko‘p qavatli uylar qurildi.
Xudo xohlasa, 2025 yilning o‘zida shaharda 46 ta ko‘p qavatli uylar qurib bitkaziladi. Shulardan 35 tasi "Yangi O‘zbekiston" massivida qad rostlayotgan bo‘lsa, qolgan 11 tasi “Ipakchi” MFYda quriladi. “Ipakchi” MFYdagi uylarning ko‘pi o‘tgan asr o‘rtalarida qurilgan. Ochig‘ini aytsak, ularda kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan oddiy shart-sharoitlar ham deyarli yo‘q. Ikki-uch oila, 10–12 jon katalakday uylarda bir amallab kun ko‘rib kelardi. Ular bugun zamonaviy, yorug‘ va shinam xonalarga ega ko‘p qavatli uylarga ko‘chib o‘tdilar. Uy-joylari buzilgan barcha oilalarga ko‘p qavatli uylardan kompensatsiya to‘lovisiz xonadonlar berildi. Eng muhimi, yangi joylarda yashash uchun barcha sharoit mavjud. Qulay infratuzilma, maktab, bolalar maydonchasi, savdo majmualari. Quvonchdan yurtdoshlarimizning ko‘ksi tog‘, boshi osmonda.
- Qo‘qonda, Quvada, Quvasoy yoki Buvaydada amalga oshirilayotgan yumushlar ham uncha-muncha davlatlarda yo‘q. – Obidovning so‘zini davom ettirib ketdi Xudoyqulov. - Faqat Quvaning o‘ziga davlat rahbarining qarori bilan 70 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Tuman markazidagi “Ahmad Yassaviy” va “Qayqubod” ko‘chalari tunu kun ishlaydigan ko‘ngilochar manzillarga aylantirilyapti. Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i rekonstruksiya qilinmoqda. Karkidon suv ombori hududida bir nechta turistik ob’ektlar bunyod etilyapti.
— Esxil degan faylasufni eshitganmisiz? - To‘satdan savol berdi Ahmadjon Meliboyev. - U eramizdan oldingi 400 -- 300-yillarda yashagan. Esxilning “Fivaga qarshi yetovlon” dramasi qahramonlaridan biri shunday deydi: “Odamzot o‘zini adolatli qilib ko‘rsatishi kerak emas, balki chindan ham odil bo‘lishi kerak.” Juda muhim gap bu. Yurtimizdagi yuksalishlarning tomiri, o‘q ildizi odillikda, Prezidentimizning chin ma’nodagi odil va adolatparvar siyosatida. Bir eslaylik, nimalarni ko‘rmadi xalqimiz kechmishda. Ozmidi o‘zini adolatparvar shoh yoki sulton qiyofasida namoyon qilgan “daho”lar. Sho‘ro zamonida shundaylardan bittasining “karomati” rost bo‘lganda edi, biz bundan qariyb 70-80 yillar muqaddam “kommunizm” deyilmish afsonalar mamlakatida yashab yurgan bo‘lar edik. Gap bilan osh pishmaydi, to‘g‘rimi? Gap - boshqa, ish - boshqa.
Yaxshi yo‘lboshchi elini o‘ylaydi. El g‘ami deb qayg‘uradi, eliga rohat keltiradi - yo‘l quradi, uy quradi, mamlakatni obod qiladi. Dunyo tamaddunida har tomonlama chuqur izlar qoldirgan ulug‘ sarkarda Amir Temur hazratlarining tabarruk nomi asrlar mobayni ahli olam diqqatini tortib kelishining bosh sababi ham ana shunda.
— Xalq puflasa, bo‘ron, xalq tepinsa - zilzila bo‘ladi, deyilmaydi-da bekordan-bekorga. - Ahmadjon akaning fikrini tasdiqladi Azimjon Xudoyqulov. - Prezidentimiz bizni uyg‘otdi. Muhtaram Yurtboshimizning har bir tashrifidan so‘ng necha-necha yillik muammolar bartaraf etildi. Turmushimizda jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, so‘nggi sakkiz yilda viloyatimizdagi har 100 xo‘jalikka to‘g‘ri keladigan avtomobillar 132 foizga, muzlatgich bilan televizor 115 foizga, kondinsioner 147, kir moshin 127, changyutgich 179, kompyuter 158 foizga ko‘paydi. Ishlab chiqarish rivojlandi, daromad oshdi.
— Kubro bobomiz shuning uchun ham “Eng noyob ne’mat rostgo‘ylik va mardlik“, deganlar. Prezidimizning mardona ish tutumi, aytgan so‘zining ustidan chiqa bilishi butun boshli mamlakatga yangi nafas olib kirdi. “Yangi O‘zbekiston”, “Uchinchi Renessans” tuyg‘ularini yuraklarga joyladi.
— Juda to‘g‘ri! — Husan Ermatovning fikrini quvvatladi Salim Doniyorov. - Taraqqiyot faqat jasorat tufayli ro‘y beradi. – Prezidentimizning rosgo‘y va mardligi bilan Abdulhamid Cho‘lpon ta’biri bilan ifodalaganda xalqimiz to‘lqinga, qudratli to‘lqinga aylandi.
2
Aylandi!
Prezident Shavkat Mirziyoyevning keyingi sakkiz yilda Farg‘onaga qilgan o‘ndan ortiq tashriflari hammada o‘ziga, buguniga, ertasiga ishonch uyg‘otdi. Beparvolik, loqaydlik o‘rnini, qilsa bo‘lar ekan-ku, degan qat’iyat egalladi.
Davlat va jamiyat munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak tamoyilining amalda joriy etilishi, tadbirkorlarga keng yo‘l ochilishi, huquqiy muhit va fuqorolar bilan ochiq muloqot madaniyatining paydo bo‘lishi barcha jabhalarda tubdan yangilanish jarayonlarini boshlab yubordi.
Islohotlarning shig‘il-shig‘il hosili har qishlog‘u har tuman hayotida yaqqol ko‘rinmoqda.
Keling, shu nuqtada 2017 – 2024 yillardagi viloyat hayotiga oid ayrim raqamlarga nigoh tashlaylik. Bilasiz, raqamlar o‘jar, adolatli va qoyaday mustahkam bo‘ladi.
Yana bir iltmos, raqamlarga yuzlanishdan avval, bir zumgina o‘zingizni Oltiariq tumanining uzumzor bog‘larida yurgandek tasavvur qilsangiz. Ayonki, oltiariqliklar qadimdan shirin-shakar uzumlari bilan mashhur. Oltiariq uzumlari chet ellarda ham taniqli “brend”ga aylangan. Katput massivining “Qo‘rg‘oncha” mahallasi uzumzorlari esa brendlarning brendi. Oltiariq uzumlarini yanayam mo‘l-ko‘l qilish maqsadida tuman chekkasidagi ming gektarlik adirlikda tashkil etilgan bu bog‘larning o‘rni, rostini aytsak, 7-8 yil avval hatto, yantoq ham unmaydigan toshloq edi. Toshda gul unmasligi ayon haqiqat. Lekin oltiariqliklar “ayon haqiqat”ni buzdilar, ularning kuchi, davlatning qo‘llovi bilan toshloq yam-yashil bog‘u rog‘larga aylantirildi. Dastlab qator quduqlar kavlandi, hovuzlar qazilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish borasidagi ishlar natijasida xalqimiz rizq-ro‘zi uchun ming gektar yangi manba paydo bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023 yilgi tashrifi doirasida mazkur uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyasida bo‘lib, amalga oshirilgan yumushlar bilan tanishib chiqqanidan keyin ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xullas, viloyat hokimligi hamda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan o‘zlashtirilgan 1 000 gektar maydonda loyihada ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qiymati 102 milliard so‘m bo‘lgan ishlar bajarildi. Bu pullarning asosini tijorat va mahalliy banklar krediti hamda mahalliy byudjet mablag‘lari tashkil etdi. Jahon banki 1 million AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.
O‘zlashtirilgan yer maydonlari 1421 ta lotlarga bo‘linib, 560 gektarida uzum ko‘chatlari va 300 gektarida intensiv bog‘lar hamda 140 gektarida infratuzilma maydoni tashkil etildi.
Tokzorlarga 5 turdagi - Husayni, Kelin barmoq, Mers, Rizamat va Kishmish navli uzumlar, intensiv bog‘larga esa olma, gilos, o‘rik ko‘chatlari ekildi.
Hududda 4 ta yangi kooperatsiya “Yangi Qo‘rg‘oncha bog‘lari” ICHK, “Oltiariq Yangi Bog‘lari” ICHK, “Best Kooperator” ICHK, “Oltiariq Yashil makon” ICHK tashkil etildi. Qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan mini traktorlar, yuk mashinalari sotib olindi. 1 ming 500 tonna sig‘imli muzlatkichli omborlari, maishiy xizmat shoxobchalari barpo etildi. Bog‘ va tokzorlarning katta qismi aholiga bo‘lib berildi.

Hududda 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etilib, ularga ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari ish bilan ta’minlandi.
Zamonaviy agrosanoat majmuida yetishtirilgan mahsulotlarning 30,4 foizi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va MDH davlatlariga eksport qilinmoqda, 64,4 foizi ichki bozorga sotilib, 5,2 foizi qayta ishlanmoqda.
Bugungi kunda 2 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, bu raqam kelajakda 3 145 taga ko‘payadi. 1 gektar yer maydonidan olinadigan daromad 180 - 200 million so‘mga, 1 nafar fuqaroning daromadi esa 45 - 50 million so‘mga yetajagi ham aniq-tiniq hisob-kitob qilingan.
— Men Rossiyada migrant edim, - deydi Qo‘rg‘oncha MFY fuqarosi Azizjon Ismoilov. – Uyga qaytib kelganimdan keyin tokzordan 20 sotix yer berishdi. Toklar orasiga loviya, tarvuz, makkajo‘xori ekib, dastlab 15 million so‘m daromad oldim. Toklarim to‘liq hosilga kirgani sayin daromadim ortib boryapti, xudo xohlasa, hademay, haqiqiy millioner bo‘laman.
Azizjondek bo‘lgug‘usi millionerlar Farg‘onada oz emas.
Umuman, 2017 – 2024 yillarda viloyatda 19,3 ing gektar yerlar o‘zlashtirilib, foydalanishga kiritildi. Ushbu maydonlarda mevali bog‘ va tokzorlar, pistazor, malina va pavloniya plantatsiyalari tashkil etildi. Bu kabi uzumchilik va bog‘dorchilik plantatsiyalari aholi daromadini oshirish barobarida, yurtimiz eksporti salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qilayotir.

Endi ikki og‘iz klaster deyilmish mo‘’jiza haqida.
Ma’lumki, klaster atamasi lisonimizga kirib kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunday bo‘lsada, bu kalima kattayu kichik - hammaning vujudiga singib ulgurdi. Sababi esa ayon: klaster iqtisodiyotimiz yuksalishining ilhomchisi. Buni Farg‘ona misolida, birgina paxtachilik sohasi ham ayon ko‘rsatib turibdi. Mana, 2022 yilga doir bir misol. O‘sha yili viloyatdagi 2 ming 509 ta fermer xo‘jalik tomonidan 82 ming gektar maydonga chigit ekildi. Fermerlar 13 ta paxta to‘qimachilik klaster korxonalari bilan 285 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha shartnomalar imzolashdi.
Mavsumda 285,8 ming tonna paxta xom-ashyosi yetishtirildi. Viloyatda paxta hosildorligi ko‘rsatkichi 2021 yilga nisbatan 1,5 sentnerga oshdi. Ya’ni, 2021 yilda viloyatda paxta hosildorligi 33,3 sentnerni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 34,8 sentnerga yetdi.

To‘qimachilik tarmog‘i xomashyo, eksport va aholi bandligida ulkan salohiyatga ega. Faqat ilmga asoslanib samaradorlikni oshirish, jaydaricha aytganda, “ishning ko‘zini bilish” kerak. “Ishning ko‘zini” biladigan klasterlar paydo bo‘ldi.
2018 yili 300 nafar ishchi bilan dastlabki ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor Muzaffar Razzoqov shundaylarning bittasi. U tez orada katta loyiha – “Global textile group”ga asos soldi. 1500 ta yangi ish o‘rni yaratgan mazkur kompaniya yuqori sifatli mashinalarda bo‘yalgan va bosilgan trikotaj matolar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
Endilikda “Global textile group” – dunyodagi eng yaxshi iplarni ishlab chiqaradigan O‘zbekistondagi yetakchi to‘qimachilik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya guruhiga Toshkent va Farg‘ona shaharlarida joylashgan bir nechta yigiruv fabrikalari, to‘qish, bo‘yash ustaxonalari, paxta tozalash zavodi, shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimiga ega paxta dalalari kiradi. Kompaniyada to‘liq klaster tizimi joriy etilgan bo‘lib, paxta yetishtirishdan tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichlari “Global textile group”da amalga oshiriladi.
Bugungi kunda kompaniya o‘z mahsulotlarini Markaziy va Sharqiy Yevropa, Bangladesh, Turkiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilmoqda, shuningdek, mahalliy bozorda sotmoqda.
Davlatimiz rahbari 2022 yil may oyida viloyatga tashrifi chog‘ida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. O‘shandagi ko‘rsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirildi.
Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter machine works” uskunalari o‘rnatilgan.
Korxona yiliga 20 million metr aralash mato hamda 15 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yevropa davlatlari va Xitoyga 890 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada sifat laboratoriyasi tashkil etilgan.
Yana bir muhim jihati, ishlab chiqarishda energiya tejovchi texnologiyalar qo‘llanmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilgan. Bularning natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.
3
Shu o‘rinda hamrohlar suhbatidan bir qadam chetlab, hind donishmandining bir hikmatini eslamoqchiman. “Katta daraxt o‘zgalarga soya berar, o‘zi esa oftobda turar va u o‘zi uchun emas, boshqalarning huzur halovati uchun meva berar”. Mamlakat rahbarining mehr bulog‘idan suv ichayotgan Farg‘ona to‘g‘risida aytilganday tuyuladi nazarimda bu so‘zlar. Farg‘ona ham bir azim daraxt misoli kun sayin ko‘kka tomon yuksalib bormoqda.
Agar 7-8 yil orasidagi yuksalish odimlar yana bir karra raqamlarga solib qaralsa, bag‘oyat hayratomuz manzaralar paydo bo‘ladi odamning ko‘z o‘ngida. Qarang, viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024 yil yakuni bilan 91,3 trillion so‘mni tashkil etib, 2017 yildagiga nisbatan 4 baravar oshgan.
Sanoat korxonalari soni 7 yil avvalgi 4520 tadan 12,9 mingtaga ko‘paygan. Bu korxonalar 2017 yilda 9,7 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlangan. Mazkur o‘rsatkich 2025 oxiriga borib 108,3 trillion so‘mni tashkil qiladi.
Xizmatlar ko‘rsatish hajmi 2017 yildagi 7,6 trilliondan 55,2 trillionga, jon boshiga xizmat ko‘rsatish darajasi 2,1 milliondan 13,5 million so‘mga oshgan.
Yil oxirigacha xizmatlar hajmini 60,8 trillion so‘mga, o‘sish ko‘rsatkichini 115,3 foizga yetkazish; sohasida 9,6 trillion so‘mlik 35 mingdan ortiq ish o‘rniga ega 4787 ta loyihani amalga oshirish belgilab olingan.
Bugunga qadar 2 trillion so‘mdan ortiq 1800 taga yaqin loyiha ishga tushirilib, 9,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Viloyatning 9 ta tuman va shaharida 3 ta (urbanizatsiya, turizm, yo‘l bo‘yi) yo‘nalishida 15 ta master-reja ishlab chiqilmoqda.
Bunda, 738 gektar yer maydonlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 4,4 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, 4,2 ming nafar aholi band qilinadi.
Jumladan, Uchko‘prik tumani “Sariqo‘rg‘on” massivida 78 gektar maydonda turizm va ko‘ngilochar markazlar tashkil etish orqali 25 ta ob’ekt barpo etiladi va 500 ta ish o‘rni tashkil etiladi.
Yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida Beshariq, Qo‘shtepa, Yozyovon, Toshloq, Quva va Quvasoy tumanlaridagi 22 gektar maydonda 150 dan ortiq ob’ektlar tashkil etilib, 400 nafar aholi bandligi ta’minlanadi.
So‘x tumanida “Ugam” daryosi tajribasi asosida 25 gektar maydonda turizm va sog‘lomlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladi. 8 ta ko‘p qavatli uy, sanatoriya, mehmon uylari, mini moll, kuzatuv minorasi, sport majmuasi kabi ob’ektlar quriladi.
Tadbirkorlar safidagi o‘sishni aytmaysizmi? 2017 yilda barcha tadbirkorlar soni 18 ming 200 tani tashkil qilgan bo‘lsa, endilikda ularning qatori 58,6 mingtaga yetdi. Yil oxirigacha yana 10 mingta tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Beshariq tumanidagi “Sariqqamish ko‘li”ning 40 gektar maydonida “Ovchilik turizmi” yo‘nalishida dam olish maskani va xizmat ko‘rsatish markazi tashkil etish loyihasining master-rejasi ishlab chiqilmoqda.
Loyiha qiymati 63 milliard so‘m bo‘lib, unga ko‘ra 50 dan ortiq xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushiriladi va 400 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Natijada bu manzillarda yiliga 100 mingdan ortiq sayyohlarga xizmat qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Umuman, bugun Farg‘onada jami 27 560 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyat yuritib, mazkur yo‘nalishda Toshkent shahri va Samarqand viloyatidan so‘ng uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Turizm barcha viloyatlardagi kabi Farg‘onada ham iqtisodiyotning eng yirik karvoni sanaladi. Vohada aziz joylar, qadimiy manzillar, aziz-avliyolarning qadamjoylari, umuman, xorijlik mehmonlar bir ko‘rishni orzu qiladigan manzillar juda ko‘p. 2020 yilda viloyatga 56 ming nafar xorijiy va 500 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgani, 2024 yilda esa xorijiy sayyohlar soni 469 ming, mahalliy turistlar 2,8 million nafarga yetkazilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Turistlarning o‘rtacha qolish vaqtini 1 - 2 dan 4 - 5 kunga uzaytirilishi natijasida, 2020 yilda turizm xizmatlari eksporti 3,6 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu raqam 144 million dollarga yoki 40 barobarga o‘sgani ham ijobiy hol.
Shunga qaramay, har qadami osori-atiqalar makoni bo‘lgan Farg‘ona uchun bu yetarli emas. Misol uchun, jahon andozalariga to‘la javob beradigan mehmonxonalar, ulardagi xizmat ko‘rsatish madaniyati ... kam edi.
Davlatimiz rahbari 2023 yili viloyatga kelgan payti Farg‘onada yulduz toifasidagi mehmonxonalar mavjud emasligini tanqid qildi. Tanqid – kelajakning mevasi. Adolatli tanqid qisqa vaqtda meva berdi - 13 ta yulduz toifasidagi mehmonxona ishga tushirildi. Yil yakunigacha yana 10 ta mehmonxona shunday toifaga sazavor bo‘ladi.
2025 yilda turizm yo‘nalishida umumiy qiymati 1,2 trillion so‘m bo‘lgan 125 ta loyiha amalga oshiriladi va 3 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Suluv tabiati, betakror salohiyati bilan ahli olam e’tiborini o‘ziga jalb qilayotgan, 2024 yilning o‘zida 10 ta halqaro, 15 ta respublika miqyosidagi 65 ta festival, forum, konferensiya, konsert-tomosha va boshqa turdagi ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazilgan Farg‘onada ko‘p yulduzli, eng zamonaviy mehmonxonalar, ko‘payishi zarur-da! Axir, “Atlas bayrami”. VI xalqaro an’anaviy to‘qimachilik festivali”, an’anaviy “Turkiy halqlar hunarmandchiligi” mavzusidagi forum, “Lavanda festivali”, “Farg‘ona - vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” xalqaro forumi, “Ahmad Al-Farg‘oniyning dunyo astronomiya ilmiga qo‘shgan hissasi” xalqaro konferensiyasi kabi xalqaro festivallar, forumlar, konferensiyalar hamma joylarda o‘tkazilavermaydi-ku, shunday emasmi?
Aytaversang, sanayversang kitoblarga sig‘maydi. Hatto, achchiq qalampirdan ham “shirin-shirin” daromadlar olinyapti. Esingizda bo‘lsa, mamlakat yetakchisi bundan 3-4 yil ilgari achchiq qalampirdan mo‘l hosil olish mumkinligi to‘g‘risida gapirgan edi. Buvaydalik fermer Rustam Inomov davlat rahbarining chaqirig‘iga birinchilardan bo‘lib javob qaytardi.
-Prezidentimizning so‘zlaridan keyin g‘alla va paxta dalalaring chetiga “dala qozon”ga deb ming tupcha achchiq qalampir ekdim, - deydi fermer. – Yer ekinni sog‘inib qolgan ekanmi, hosil quyilib ketdi. Hosilni dastlab xo‘jaligimizning qalampirxo‘rlariga ulashdim. Yo‘q, uzun, to‘q qirmiz rangli, achchiqlikda “chempion” qalampirlar “meni uz, meni uz” deb turaverdi. Keyin oilamiz bilan hashar qilib bir kun davomida hosilni yig‘ishtirib oldik.
Ulashganlarimdan qolgani naqd 850 kiloni tashkil qildi.Qalampirni qoplab, bir xaltasini tuman bozoriga olib bordim. Bozorda tasodifan “eksportchi tadbirkor” bilan tanishib qoldim.
-Hammasini olaman, - deb o‘sha yerning o‘zida 5,5 millionni sanab qo‘limga tutqazdi.
Bekorga “ishtaha ovqat payti keladi” deyilmas ekan. Keyingi yil ariq-zovurlarning chetlariga, 15 sotixlik hovlimga, dalaning bir qarich bo‘lsa ham bo‘sh yeriga, hamma-hammasiga qalampir ekdim. Xudoning karomatini ko‘ring, 17 tonna qalampir sotdim.
Olma-olmani ko‘rib rang oladi-da! Bugun Farg‘onada qalampir ekayotganlarning sanog‘i yo‘q. Shu yilning 8 oyida yetishtirilgan 806,6 tonna achchiq qalampir Janubiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilindi va 996,1 ming dollar daromad olindi.
Ko‘rasiz, qalampir yetishtiruvchilar soni kelajakda yanayam ko‘payadi.
Biz ko‘pincha xorijdan keladigan sarmoyalarni investitsiya, deymiz. Aslini olganda, ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanishning o‘zi ham eng ulug‘ investitsiya.
Farg‘onada bu kabi qancha-qancha “investitsiya” buloqlari qaynab-toshib yotibdi.
Farg‘onalik ikki ijodkor - “Oxunjon Hakim va Yo‘ldosh Sulaymon publitsistikasi”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyasi bahonasidagi safar davomida bunga yana bir marta imonimiz komil bo‘ldi. Ayni chog‘da quyidagi xulosa qalbimizda muhrlandi: Biz Farg‘onani qaytadan kashf etdik! “Kashf etdik!” iborasi ayricha jozibasi bilan viloyat kutubxonasida o‘tgan koferensiya chog‘ida ham, shahar va qishloqlarda mehnatkashlar bilan bo‘lgan uchrashuv-suhbatlarda ham qayta-qayta tilga olindi.
— Eshitinglar! – topshiriq ohangida murojaat qildi qaytayotganimizda Obidov:
Bu vatan qanday vatandir, har go‘shasida turmalar,
Qo‘ngani bir yer topolmay osmonda yig‘lar turnalar.
Siz asr bo‘lgan qafasni tishlarim birlan buzay,
Buzmasam mahshar kuni bag‘rimni armon tirnalar.
– Bilasizmi bu qayg‘uli misralarning ijodkori kim? –Xalq! – o‘z savoliga o‘zi javob qayrib davom etdi u. – Tahqirlangan, ezilgan, adolatsizlikdan bag‘ri qonga to‘lgan xalq. Musibatlar silsilasidan alamzada xalq o‘zining mahzun va mungli hayotini, isyonini, munavvar kunlar umidini shu tarzda bayon etgan.
Xudoga shukr, u kunlar chirib, yo‘q bo‘lib ketdi. Agar bobolarimiz bugungi baxtga to‘la damlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganda nima degan bo‘lar edilar?
— Tushunyapsizmi hurmatli shoirlar, Obidov janoblari nima demoqchi? – jiddiy qiyofada atrofdagilarga yuzlandi Meliboyev. – Janob Obidov she’rga javob qaytaring, demoqdalar.
Shoirlar ham tayyor turishgan ekanmi, javob ham tayyor edi.
Norqobil Jalil:
Bu vatanga kelsa qaytib ketolmaydi turnalar.
Abdurasul Jumaqul:
Har yurakka ta’zim qilmay o‘tolmaydi turnalar.
Farmon Tosh:
Har qadamda mehnat, ijod, yashash zavqi muhtasham;
Husan Ermatov (ham yaxshigina shoir ekan):
Baxt qo‘rg‘onin hisobiga yetolmaydi turnalar.
Hammamiz beixtiyor jo‘r bo‘lib aytib yubordik:
-Bu vatanga kelsa qaytib ketolmaydi turnalar...
Abdusaid Ko‘chimov,
Oliy Majlis Senati a’zosi