Bugun, Farg‘ona viloyatidagi Rishton va So‘x tumanini bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tgan yo‘lning ochilishi rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalishidagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlari buning uchun tayyor holatga keltirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning shu yil 11-12 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralari qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida dalil qadamlar tashlandi. O‘zbekiston - Qirg‘iziston davlat chegarasidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarining ochilishi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va turistik oqimni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

So‘x tumani yuz foiz Qirg‘iziston yeri bilan o‘ralgan anklav hisoblanadi. Mazkur yo‘lning ochilishi So‘x tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratishi, shubhasiz. Tuman aholisi uchun yaqin yo‘l bo‘lgan bu bojxona chegara posti ancha yillardan oldin yopilgan bo‘lib, so‘xliklar viloyat markaziga kelishi uchun uzoq yo‘l bosib, soatlab vaqt sarflardi. Endilikda esa ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berilib, qisqa masofada So‘xga kirib boriladi.
M. Sulaymonov, O‘zA