Buvaydalik fermer Rustamjon aka Inomov “yo‘q joydan daromad topdim”, deya hammaga gapirib yuribdi. Tavba, yo‘q joydan ham daromad bo‘lar ekanmi, deya ajablandilar bu gapni eshitganlar. Buni qarangki, bo‘lar ekan!
Fermer o‘tgan yili g‘alla va paxta dalalari chetiga “dala qozonga” deb ming tup achchiq qalampir ekkandi. Yer ekinni sog‘inib qolgan ekanmi, hosil “quyilib” ketdi. Dastlab qalampirxo‘r xo‘jalik a’zolariga ulashdi. Yo‘q, uzun, to‘q qirmizi rangli, achchiqlikda “chempion” qalampirlar “meni uz, meni uz” deb turardi. Rustamjon aka bir kun oilasi bilan hashar qilib qalampirlarni yig‘ishtirib oldi. Ulashganidan keyin o‘ziga qolgani naqd 850 kilo edi. Hosilni qopladi. Bir xaltasini esa tuman bozoriga olib bordi. U yerda tasodifan bir “eksportchi tadbirkor” bilan tanishib qoldi.
– Hammasini olaman, – dedi tadbirkor. Fermer shu kuniyoq 5,5 million so‘mni naqd sanab oldi.
Ishtaha ovqat payti keladi deyisharmidi?
Rahimjon aka Inomov bu yil zovur va ariq chetlariga, hovlisidagi 15 sotixli tomorqasiga, dalaning bir parcha qiytiq yeriga, hamma-hamma joyga qalampir ekdi. Keling, daromadini cho‘tga tushirmaylik. Lekin 17 tonna achchiq qalampir sotgani rost!
Olma olmani ko‘rib rang olar ekan. Bugun Farg‘ona viloyatida dehqonchilik orasida, qo‘l bo‘shaganida qalampir ekadiganlarning sanog‘i yo‘q. Shu yilning sakkiz oyida Farg‘ona viloyati 806,6 tonna achchiq qalampirni asosan Janubiy Osiyo mamlakatlariga eksport qildi. Bu esa, Rahimjon aka aytganidek, “yo‘q joydan” 996,1 ming dollar daromad edi...
Muhammadjon Obidov, O‘zA