Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onadagi turistik qishloq faqat qog‘ozdami?
15:01 / 2022-02-10

Farg‘ona viloyatida sayyohlik salohiyatini oshirish va turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatga ichki va tashqi turizm 2020 yilda bor yo‘g‘i 52 mingtani tashkil etib, shundan 6 mingga yaqini xorijiy sayyohlar tashrifidan iborat bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 401 mingtaga yetdi. Turizmning yangi turlari: ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, sport turizmi, qishloq turizmi va tibbiyot turizmi yo‘nalishiga muhim e’tibor qaratilyapti. Xususan, Farg‘ona tumanidagi Vodil, Avval hamda Oltiariq tumanidagi Qiziltepa qishloqlarini “Turizm qishlog‘i”ga aylantirish borasida amaliy ishlar boshlangan.

Avval qishlog‘i go‘zal tabiati, salqin havosi, buloqlardan to‘yinadigan katta soyi bilan insonni o‘ziga maftun etadi. Xo‘jam Podsho ziyoratgohi va arxeologik yodgorligi joylashgan bo‘lib, ziyoratchilar bilan gavjum. Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimov tomonidan o‘tgan yil 8 aprelda imzolangan Farg‘ona tumani Avval qishlog‘ida “Turizm qishlog‘i”ni tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ko‘pchilikni xursand qildi.

Bu borada ishlar boshlangan bo‘lib, o‘ziga xos tarixiy va so‘lim maskanda sayyohlar uchun qator qulayliklar yaratilmoqda. Jumladan, qishloqqa olib keluvchi yo‘llar bo‘yida yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. Yettibuloq va bir qator ko‘chalarga asfalt yotqizildi, piyodalar yo‘laklari barpo etildi. 10 ta oilaviy mehmon uylarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda, dam olish maskanlarida zarur sharoitlar yaratishga e’tibor qaratilyapti. Shuningdek, zamonaviy stella, selfi zona, sanitariya-gigiyena shoxobchalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Ammo mazkur yo‘nalishdagi ishlarning chala holatda qolayotgani qishloq ahli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Dasturda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarning aniq muddati belgilangan bo‘lsa-da, amalda bajarilgani yo‘q. Asosiysi, bu ishlar uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larning aniq asosi mavjud emas. Hamma narsa cho‘ntakka qarab bo‘ladi-da axir.

Yoz mavsumida qishloqda qaynoq hayot hukmron bo‘ladi. bugungi kunda dam olish maskanlari huvillab qolgan. Achinarlisi, bu maskanga qadam qo‘yar ekansiz, chiqindi va xazonlarga to‘la ko‘chalar, dam olish maskanlari dilni xufton qiladi. Yog‘ochdan yasalgan savdo rastalari, bozordagi ayanchli holat, buzuq attraksionlar qishloq husnini buzmoqda. Xususan, Xotira maydoni xaroba holatda, hududni obodonlashtirish va ko‘kamlamzorlashtirish masalasi hech kimni qiziqtirmaydi. Vaholanki, dasturda bu hududni ta’mirlash va obodonlashtirish belgilangan.

– “Turizm qishlog‘i” maqomi berilganda juda xursand bo‘lgandik, –deydi shu qishloqlik Quyoshoy Yo‘ldosheva. – Afsuski, shunday chiroyli joylarning noxush manzarasini qarang. Dam olish maskani egalari “Toza hudud”ga pul berishdan qizg‘onib, chiqindilarni soyga oqizadi yoki ko‘chaga uloqtirib tashlaydi. Xotira xiyoboni bir paytlar qishlog‘imiz gavhari bo‘lgan. Mana endi abgor ahvolga tushgan. Haftaning shanba kuni shu yerda bozor bo‘ladi. Bozor tugagandan so‘ng yana bu yer axlatga to‘ladi. Bu bo‘yicha mahallaga, tuman hokimligiga ko‘p murojaat qilyapmiz. Ammo natija yo‘q. Mehmonlarning oldida uyalib qolyapmiz.

[gallery-5692]

Bu hududda ekologik chiqindi qutilari o‘rnatish zarur. Shuningdek, dam oluvchilarning avtomashinalari uchun turargoh tashkil etish kerak.

O‘zbek adabiyotiga katta hissa qo‘shgan Hamza Hakimzoda Niyoziy umrining atigi bir necha yillarini onasi tug‘ilib o‘sgan Farg‘ona tumanining Avval qishlog‘ida o‘tkazgan, ko‘p xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lgan. Dam olish maskanlariga tutash joyda uning uy-muzeyi tashkil etilgan, haykali o‘rnatilgan. Bir paytlar bu muzey dam olishga keluvchilar bilan gavjum bo‘lgan. Bugun esa xaroba ahvolda, qarovsiz. Dov-daraxtlar suvsizlikdan qaqrab yotibdi. Atrof axlat-chiqindilariga to‘lib-toshgan.

Pastda zilol suv sharqirab oqib turgan soy, yetti buloq, tashlandiq, chang bosgan rastalar, huvullab yotgan choyxonalar ko‘zga tashlanadi. Necha yuz yillarga guvoh bo‘lgan azim chinorlarning yerga to‘shalgan barglari qachonlardan buyon to‘planib qolgan chiqindilar bilan qorishib ketgan. Mahalla ahlining aytishicha, mas’ullarga Hamza Hakimzoda Niyoziy uy-muzeyini tartibga keltirish bo‘yicha murojaat qilingan. Biroq qanoatlantiriladi, degan va’dalar qanot qoqib qolaverdi. Bu joyni mukammal ta’mirlash va ishga tushirish dasturda ko‘zda tutilgan edi.

“Turistik qishloq” nomigagina bo‘lmasligi, ishlar faqat qog‘ozdagina qolib ketmasligi kerak. Avval qishlog‘i tozalik, saranjom-sarishtalik va obodonlashtirish ishlarini kutmoqda.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA