Sport vazirligi hamda MOQ rahbariyati Farg‘ona viloyatidagi sport ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, sport federatsiyalarining hududiy vakillari bilan suhbatlashdi.
Mutasaddilar dastlab Farg‘ona Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘ldi. Muassasaning imkoniyatlari, faoliyati va o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida umumiy ma’lumot berildi. Tashrif davomida mashg‘ulotlar jarayoni va markaz hududi ko‘zdan kechirilib, qator masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, Farg‘ona tumani va shahridagi 1-son sport maktablari hamda Marg‘ilon shahridagi sport maktabining faoliyati o‘rganildi. Hududlardagi yoshlarning qaysi sport turiga ko‘proq qiziqish bildirishayotganidan kelib chiqqan holda mashg‘ulotlar jadvalini shakllantirish, maktablardagi murabbiylarning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.


Viloyatning 2025 yil va yangi Olimpiya sikli uchun tayyorgarlik rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Lazizbek Mullajonov hamda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kabi Olimpiada chempionlarini tarbiyalash, kelgusi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishi mumkin bo‘lgan farg‘onalik sportchilarning shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA