Mamlakatimizda qurilish sohasida nazorat tizimini takomillashtirish, amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlari sifatini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, qator qurilish-loyiha tashkilotlari mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat tezkor guruh Farg‘ona shahrida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Qurilish ishlari davom ettirilayotgan ob’ektlarning qurilish normalari va qoidalari, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mosligi, sifati va texnik reglamentlar tizimli monitoring qilib borilmoqda. Mazkur ishchi guruh jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida ishlatilayotgan qurilish materiallari va buyumlarning sertifikatlanganlik holati, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etilishi, mazkur ob’ektlardan imkoniyati cheklangan shaxslarning moneliksiz foydalanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, ekologiya va atrof muhit xavfsizligi talablariga amal qilinishini o‘rganmoqda.
Dastlabki o‘rganish ishlari Farg‘ona shahar Universitet ko‘chasida joylashgan 8 qavatli turar-joy binosida bo‘ldi.
– Binoni loyihalashda konstruktiv sistema o‘rganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi, – deydi “Qishloqqurilishloyiha” loyiha-qidiruv instituti bosh konstruktori Sherzod Odilov. – Binoning chegaradagi turtib chiqqan qismida temir-beton ramada uzilishlar mavjud bo‘lib, V 1 o‘qlari bo‘yicha ramalarning uzluksizligi ta’minlanmagan. Bu esa seysmik yuk ta’sirida binoning og‘ishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu holat bo‘yicha qurilish-loyiha tashkilotiga ishlarni ma’lum bir muddatga to‘xtatib, sxemani ko‘rib chiqqan holda loyihaviy yechimlari qaytadan ishlab chiqilganidan so‘ng qurilish-montaj ishlarini davom ettirish topshirig‘i berildi.
Shundan so‘ng, guruh a’zolari Universitet ko‘chasida joylashgan “Fergana city mall” 5 qavatli savdo ko‘ngilochar majmuasi hamda 6 ta 9 qavatli 216 xonadondan iborat turarjoy kompleksida o‘rganish ishlarini olib bordi. Ob’ektning buyurtmachi-pudratchisi “Fergana city stroy”, loyiha tashkiloti “The best Geo-Arch” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi.
Bu yerda 20 marotaba monitoring ishlari olib borilgan va mas’ullarga 55 ta yozma ko‘rsatma berilgan. O‘rganish natijasida ishchi loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan konstruktiv yechimlarni qayta ko‘rib chiqish, binoning energiya samaradorligini oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
M.Sulaymonov,
O‘zA