Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onadagi Prezident maktabi Uchinchi Renessans bunyodkorlarini tarbiyalaydi
15:22 / 2021-10-29

Farg‘ona shahrida Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ertangi kunning hal qiluvchi kuchi – yoshlar Uchinchi Renessansning bunyodkorlaridir.

Shu bois mamlakatimizda barkamol avlod vakillarining kamoloti yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ularga jahon andozalari darajasida ta’lim berish, navqiron avlodni ma’nan yetuk, jismonan barkamol etib voyaga yetkazishga ustuvor ahamiyat berilyapti. Mazkur yangi bunyod etilgan Prezident maktabi ham iqtidorli yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor samarasidir.

Tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova, senator va deputatlar, olimlar, viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, ota-onalar ishtirok etdi.

Marosimda so‘z olganlar 77 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga qurilish va jihozlash ishlari amalga oshirilgan ushbu zamonaviy ta’lim muassasasi mamlakatimizda keyingi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mahsuli ekanligi, bu maktablar yurtimizdagi iste’dodli o‘quvchilarni aniqlash va ularni kamolga yetkazish, xalqaro andozalarga mos mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Tanlovdan o‘tib Prezident maktabining ilk qaldirg‘ochlari bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan bolajonlarimizni ko‘rib, havas qilyapmiz. Bu yerga Farg‘onaning eng oldi, bilimli, tarbiyali yoshlari to‘plangan desam to‘g‘ri bo‘ladi. Bu maktab avvalo, sizlarga muborak bo‘lsin. Ta’limga qancha kapital kiritiladigan bo‘lsa, o‘sha davlat jadal rivojlanadi. Shu bois yurtimizda sohaga katta sarmoya yo‘naltirilyapti. Ijod va Prezident maktablarining tashkil etilishi ham ana shu islohotlarning amaldagi ifodasidir. Bu yerda o‘qiyotgan farzandlarimiz Uchinchi Renessansning bunyodkorlari bo‘ladi, – dedi viloyat rahbari.  

Ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari maktab binosiga taklif etildi. Mehmonlar Prezident maktabida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘ziga xos ta’lim dasturiga ega maktabning boshqa maktablardan ustun tomoni iqtidorli o‘quvchilarning bir joyda yig‘ilgani hisoblanib, bu ularga o‘zaro fikr va tajriba almashish imkonini beradi. Sinf xonalar har bir fan uchun maxsus jihozlangan, xonalarga kirishda o‘rnatilgan elektron doskada dars jadvali, tanaffus vaqti, o‘qituvchi haqida qisqacha ma’lumot beriladi. Darslar yakunlangach, o‘quvchilar turli fan to‘garaklariga qatnashishlari mumkin. Qizig‘i, dars tugashi va boshlanishidan ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroqlar o‘rniga o‘quvchilarga ruhan tetiklik va motivatsiya beruvchi kuy-qo‘shiqlar jarang sochadi. Umuman, iqtidorli o‘quvchilar haftaning besh kuni davomida bu yerda ham yashaydi, ham o‘qiydi.

Mazkur Prezident maktabiga 9 ming 537 ta talabgorlar hujjat topshirgan bo‘lib, ikkinchi bosqichga 2 ming 880 tasi o‘tgan.

–Bu yil 5-10-sinflarga 144 nafar iqtidorli o‘quvchi shaffoflik va xolislik mezonlari asosida tanlab olindi. Keyingi yildan maktabimizda 168 nafar o‘quvchi ta’lim ola boshlaydi, – deydi Prezident maktabi direktori Hasanxon Husanov. – O‘quvchilar yotoqxona, maktab formasi, besh mahal ovqat, noutbuk bilan ta’minlangan. 22 nafar mahalliy va 10 nafar xorijlik pedagoglar ham tanlov asosida ishga qabul qilingan. Hatto tarbiyachilar ham oliy ma’lumotli kadrlar.

[gallery-4483]

Maktabda Angliya, Kanada, AQSH, Misr, Yangi Zelandiya, Zimbabve, Filippin, Koreya, Yamaykadan kelgan xorijiy mutaxassislar faoliyat olib boradi.Ta’kidlash kerakki, maktab o‘quvchilarining ko‘p qismi oddiy ishchi-xizmatchilarning farzandlari. Bu esa nufuzli ta’lim dargohiga qabul jarayoni shaffof o‘tganidan darak beradi.

–Ikki farzandim Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilindi, – deydi Uchko‘prik tumanilik Azizbek Ermatov.– Bu oilamiz uchun faxrdir. Bugun bu yerdagi sharoitlarni ko‘rib, yanada g‘ururlandim. Yurtimiz kelajagi, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishni niyat qilgan yoshlarga havasim keldi. Maktabdagi iliq va samimiy muhit, murabbiyu o‘quvchilar shijoati, ko‘zlaridagi nur kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.

– Ko‘pchilik tengdoshlarimiz biror xalqaro sertifikat olish, keyin xorijga borib o‘qish va o‘sha yerda ishlashni niyat qiladi. Men ham kelgusida Oksford universitetida xalqaro iqtisod sohasida o‘qimoqchiman, lekin olgan bilimlarimni o‘z yurtimning gullab-yashnashi, taraqqiyoti yo‘lida sarflashni maqsad qilganman, – deydi 10-sinf o‘quvchisi Abdulhafiz Abduraimov. – bugungi zamon har bir sohada yangilik yaratishni, innovatsion texnologiyalarni joriy qilishni taqozo qilmoqda. Mamlakatimiz rivojlanishi, jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun biz bor kuch-g‘ayratimizni sarflaymiz.

Tadbir qatnashchilari ta’lim maskani bilan tanishib, bu yerda o‘qish baxti nasib etgan o‘quvchilarga ezgu tilaklarini bildirdi.

 

M. Sulaymonov,  

M. Qodirov  (surat), O‘zA