Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onadagi maktabning qo‘shimcha binosi qurilishi nega cho‘zilmoqda?
17:41 / 2022-01-08

O‘quvchilarning qishki ta’tili tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi.

 Sinfdoshu dugonalari, mehribon ustozlarini sog‘ingan yigit-qizlar qadrdon maktabiga borishni intiq bo‘lib kutmoqda.  

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Qo‘rg‘ontepa qishlog‘ida  yashovchi yuzlab o‘g‘il-qizlar ham ta’tildan keyin yangi o‘quv binosida o‘qishni niyat qilishgan. Biroq ularning bu orzulari ushalmaydiganga o‘xshaydi. Quruvchilar, mutasaddilar o‘z va’dasida turmadi. Ta’lim maskanining qo‘shimcha barpo etilgan binosi Yangi yilda ham foydalanishga topshirilmadi. 

Gap shundaki, 2021 yilda “Maydon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 315 o‘rinli qo‘shimcha yangi uch qavatli bino qurilishi boshlandi. Bundan chekka hudud aholisi, ayniqsa, o‘quvchilar quvongani rost. Axir ularni yillar davomida qiynab kelayotgan sinf xonalarining yetishmasligi masalasi o‘z yechimini topgan edi-da.  

Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona binokor me’mor” mas’uliyati cheklangan jamiyati tender tanlovida g‘olib bo‘lib, qurilish ishlari boshlandi. 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etilgan ta’lim maskanida yil yakunlangan bo‘lsada, qurilish ishlari yakuniga yetkazilmadi.  


Qishning ayni chilla kunlarida quruvchilar xonalarga beton qo‘yish, pardozlash ishlarini bajarmoqda. Isitish tizimi chala holatda, betonga linoleum to‘shamasini solish kerak. Pudratchi tashkilot esa yangi yildan keyin bu binoda bemalol o‘qish mumkinligini aytgan. Vaholanki, hali bu yerda ish juda ko‘p. Shoshma-shosharlik bilan qilingan qurilish esa albatta, sifatsiz bo‘ladi. “Farg‘ona binokor me’mor” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Abduvali Fozilov esa qurilish yakunlanmayotganiga izoh bera olmadi. 


– 240 o‘rinli moslashtirilgan binoda 600 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil oladi, – deydi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Farhodjon Sharofiddinov. – Maxsus fanlarni o‘qitish uchun xonalar yo‘q edi. 2021 yilda maktabimizda qo‘shimcha yangi bino qurilishi boshlanganida juda xursand bo‘lgan edik. Yangi bino 2021 yilning noyabr oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan edi.

 Keyin bu muddat dekabrga o‘zgardi. Mana, qishki ta’til tugayotgan bo‘lsada, qurilish ishlari haligacha yakuniga yetmagan. 


Mutasaddilar jarayondan xabardor bo‘lsada, tomoshabin bo‘lishdan nariga o‘tishmayapti. Davlat byudjeti hisobidan qurilayotgan bu ta’lim dargohi muddatida topshirilishi, ishlarning sifatli bajarilishi hech kimni qiziqtirmaydi. 

Bahonalar esa ko‘p. Hatto viloyatdagi qurilish sohasining mas’ullaridan biri maktabni 11 yanvar kuni ochilishini aytgani bizni taajjubga soldi. Nahotki, ular qurilishning chala ekanligidan bexabar bo‘lsa. Xo‘sh, ular yana o‘zlarini qanday oqlasharkin? 
Qo‘rg‘ontepalik yoshlar yangi binoning ochilishini yana qancha intiq bo‘lib kutishar ekan... 


O‘zA