Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada zamonaviy tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi
10:26 / 2023-02-09

Farg‘onada 10 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Qariyb 4 milliard so‘m hisobiga xarid qilingan avtomashinalar Farg‘ona, Quvasoy, Qo‘qon shaharlari, Bag‘dod, Beshariq, Buvayda, Toshloq, Rishton, Furqat tumanlaridagi tez tibbiy yordam shoxobchalariga tantanali topshirildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tadbirda ishtirok etib, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga qaratilayotgan sa’y-harakatlar xususida so‘z yuritdi.  

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida o‘tgan yilda qo‘shimcha 172 ta mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etildi. Buning natijasida 450 ming nafar aholiga 2 – 3 kilometr masofaga ovora bo‘lib bormasdan yashash uyiga yaqin joyda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga erishilmoqda. Tibbiyot muassasalarida 127 ming nafar bemor davolanib, 4 ming 400 dan ortiq yuqori texnologiya jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Xususiy tibbiyot maskanlari soni 720 taga yetdi. Shu bilan birgalikda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida moddiy-texnik bazani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Yangi tez tibbiy avtomashinalarining olingani ham ana shu ishlarning amaliy ifodasidir.  

[gallery-10502]

Mazkur zamonaviy tez tibbiy yordam avtomashinalaridan viloyatga hozirgacha 20 ta keltirilgan bo‘lib, yana bosqichma-bosqich 108 tasi keltirilishi rejalashtirilgan. Bu avtotransportning afzalligi shundaki, xizmat ko‘rsatish davomida harakatni to‘xtatmay turib bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilishi mumkin. Tizimga bunday zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam mashinalarining topshirilishi esa o‘z navbatida tez tibbiy yordam xizmatining sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.  

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahridagi Respublika tez tibbiy yordam markazi Farg‘ona hududiy filiali uchun qurilayotgan binodagi ish jarayonlari bilan tanishdi. Filial qurilishi uchun 5,4 milliard so‘m mablag‘ sarf etilishi belgilangan. Binoning 1-qavatida dorixona, 2-3-qavatlari ma’muriyat uchun xona va 4-qavati “Call-markaz” dan iborat bo‘ladi. Hozirda binoning 1-2-qavatlarida qurilish jarayonlari yakunlanmoqda. Mutasaddilar bilan muloqot qilgan viloyat rahbari belgilangan smeta bo‘yicha qurilish ishlarini yakunlash uchun zarur bo‘lgan 2 milliard so‘m mablag‘ni ajratish bo‘yicha viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘iga ko‘rsatma berdi. Binoning belgilangan muddatda mustahkam va sifatli qilib qurilishi bo‘yicha mas’ullarga ham vazifalar yuklandi.  

M.Sulaymonov,  

 M.Qodirov (surat), O‘zA