Joriy yilning 25 mart kuni Farg‘ona viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l patrul xizmati xodimi tomonidan 1978 y.t. fuqaro I.T.ga nisbatan mastlik holatida “Neksiya” rusumli avtomobilni boshqarganligi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Shundan so‘ng fuqaro I.T. Qo‘qon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi YHXB ma’muriy huquqbuzarlik materiallarini ko‘rib chiqish bo‘yicha inspektori I.O.ga o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlarni ijobiy hal qilib tegishli tartibda sudga yubormaslik evaziga 400 AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan.
Xodimning rahbariyatga bildirgisi asosida 2021 yil 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro I.T. Qo‘qon shahar ichki ishlar organlari FMB YHXB binosidagi I.O.ning xizmat xonasida unga 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar dastlabki tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA