French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada yoshlar nazariy bilimni amaliyotda mustahkamlamoqda
09:21 / 2022-08-11

Farg‘ona viloyatidagi 76 ta professional ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarni o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ish bilan ta’minlash borasida aniq tadbirlar ishlab chiqilgan. Beshariq, Toshloq tumanlari va Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlaridagi kasb-hunar maktablarida yangi tashabbuslarga qo‘l urilmoqda.

Dang‘ara tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida bugungi kunda 600 dan ziyod o‘quvchilar tahsil olmoqda. Avtomobillarni ta’mirlash chilangari, tikuvchilik, traktorchi-mashinist, sotuvchi-nazoratchi, kompyuter grafikasi va dizayni kabi 7 xil yo‘nalishda bilim olayotgan yoshlarning kelgusida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlari hamisha e’tibor markazida. Ayniqsa, tikuvchilik yo‘nalishida o‘qiyotgan qizlar ta’limning dual – ham nazariy, ham amaliy shakli joriy etilayotganidan mamnun.

Gap shundaki, kasb-hunar maktabida byudjetdan tashqari mablag‘ topish, maktab binosining bo‘sh turgan xonalaridan unumli foydalanish, asosiysi, o‘quvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashlarini ta’minlash maqsadida tikuvchilik sexi ish boshlagan.

– Dastlab bu g‘oyaning amalga oshishiga uncha ishonmagandik, sekin-asta hammasi izga tushib ketdi, – deydi maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abduhamid Saidov. – Aslida, o‘quvchilarimiz uchun sinf xonasida ham turli jihozlar o‘rnatilgan. Ammo bu sexda haqiqiy ish jarayoni guvohi bo‘lishadi, o‘zlari ham uning ishtirokchisiga aylanishadi. Bundan ota-onalar ham mamnun bo‘lmoqda.

Albatta, mashg‘ulotlar paytida xom ashyoni tejash, misol tariqasidagina buyumlarni tikish bosh mezon sanaladi. Mo‘’jazgina ishlab chiqarish korxonasida esa bu chegara bilmaydi.

– Asosan bolalar kiyimlari tikamiz, – deydi tikuvchilik sexi boshlig‘i Ikromjon G‘ulomov. – Hozircha 30 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan. Maktab binosining bir chetida joylashgani uchun o‘quvchi qizlarni ham jalb etganmiz. Hozirga kelib bichish, tikish, dazmollash, qadoqlash kabi ishlarni bemalol uddalab qolishdi. Maktabni bitirgach, istashsa ularni doimiy ishga ham olamiz.

Tikuvchilik sexida ish qizg‘in. Qo‘shiq sadolari ostida qizlar o‘z ishi bilan mashg‘ul. Ularning yuzidan bajarayotgan yumushidan zavq olayotgani, ko‘zlaridan esa kelajakka ishonch shundoqqina sezilib turibdi.

– Ikkinchi bosqichda o‘qiyman, tikuvchilik kasbini tanlaganimdan afsuslanmayman, – deydi Niginaxon Xolmatova. – Maktabdagi darslar tugashi bilan shu yerga shoshaman. Ustozlarimizdan o‘rganganlarimni amaliyotga tatbiq etish imkoni bor. Har oy ishga qarab 1-1,5 million so‘m ish haqi berishadi. Jamoamiz juda ahil.

Tikuvchilik korxonasi mahsulotlari yurtimizdagi bozorlarda xaridorgir. Bundan tashqari, Qozog‘iston, Tojikiston kabi qo‘shni mamlakatlarga eksport ham qilinmoqda.

M.Sulaymonov, O‘zA