702 ming nafardan ortiq yoshlar istiqomat qilayotgan Farg‘ona viloyatida yoshlar masalasida o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan tashabbuslar, xayrli ishlar talaygina.
Xususan, yil boshidan shu kunga qadar 42 ming 588 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘g‘il-qizlar bandligi ta’minlangan. 152 ta yoshlar kooperatsiyasi tashkil etilib, ajratilgan yer maydonida yiliga ikki marta hosil olish va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkoni bor.
Farg‘onada yo‘lga qo‘yilgan yana bir ibratli tashabbus “Yangi O‘zbekiston yoshlari” g‘oyalar markazi tashkil etilganidir. Unga 12 nafar yoshga oid davlat siyosati sohasidagi yetakchi mutaxassislar jalb etilib, yoshlar muammolarini hal etishning yangicha usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. bugungi kunda markaz tomonidan 8 ta loyiha ishlab chiqilib, ijroga qaratilgan.
Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev bugun bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma sessiyasida ma’lumot berdi.
Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan sessiyada dastlab viloyatda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimovning axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda asosiy e’tibor — “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ishlash istagida bo‘lgan 81 ming 37 nafar yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilmoqda. Viloyatning chegaraoldi hududlari hamda 123 ta ijtimoiy tanglik o‘choqlari yuzaga kelgan mahallalardagi yoshlar bandligini ta’minlash va ularni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, tizimli ishlar olib borilmoqda. Bog‘chalar, maktablar, musiqa va san’at hamda sport muassasalariga shu kunga qadar 33 ming 795 ta jihozlar jamlanmalari olib berildi. 9 ming 616 ta to‘garaklar tashkil etilib, 288 ming 244 nafar yoshlar jalb etildi. Hududlarda har kuni sport musobaqalari, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, viloyatdagi sektor rahbarlari tashabbusi bilan aprel-may oylarini sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar oyligi deb e’lon qilindi.
[gallery-2484]
– Yoshlar masalasi rahbarlarning har kunlik vazifasidir, – dedi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. –Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni ular o‘z hayoti misolida his qilishi kerak. Yoshlarni muammolari hal bo‘lsa, ish bilan ta’minlansa boshqa masalalar albatta, o‘z yechimini topadi. Bu borada hech kimning befarq bo‘lishiga haqqi yo‘q.
Senat Ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 17-21 may kunlari yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning Farg‘ona viloyati chegara oldi tumanlarida amalga oshirilish holati o‘rganildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi B.Sayfullayev o‘rganish natijalari haqida so‘z yuritib, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilindi. Ayrim shahar va tumanlarda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish, kredit olish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdagi jiddiy muammolarni hal etish borasida topshiriqlar berildi.
Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA