FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat Kengashi tomonidan yoshlar bandligi va ishga joylashish imkoniyatlari, oliy ta’lim bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasi, ta’limdan chetda qolgan yoshlarni faol hayotga jalb qilish hamda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun teng va adolatli mehnat sharoitlari yaratish masalalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Yoshlar ishlari agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i hamda Marg‘ilon shahri, Toshloq, Dang‘ara tumani hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari axboroti eshitildi.
Ma’lumotga ko‘ra, viloyatda joriy yil boshida 1 ming 15 ta mahallada o‘tkazilgan xatlov orqali 1 million 6 ming 155 nafar “Yoshlar balansi” shakllantirilgan. 4 ming 623 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularning 80 foizdan oshig‘iga manzilli va maqsadli yordam ko‘rsatilgan. Ijara asosida yer olgan 17 ming 996 nafar ishsiz yoshlarning 6 767 nafari o‘zini o‘zi band qilish orqali va 11 229 nafari yuridik shaxs tashkil etmagan holda dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, bandligi ta’minlangan.
[gallery-25366]
Yil yakuniga qadar viloyatda 2 ming 341 nafar ishsiz o‘g‘il-qiz hamda 45 ming 639 nafar mehnat bozoriga kirib keladigan bitiruvchi uchun ish joylari yaratish rejalashtirilgan.
Muloqotda yoshlarni ish bilan ta’minlash barobarida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va kasb-hunar o‘rgatish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya masalalariga ham e’tibor qaratildi. Yakunda yoshlar bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini yanada oshirish, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA