Yangi yil bayrami arafasida Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yo‘l o‘tkazgich ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur yo‘l o‘tkazgich 1976 yilda qurilgan bo‘lib, shu kunga qadar to‘la ta’mirlash ishlari olib borilmaganligi sababli avariya holatiga kelib qolgan edi. 4R-140a “Farg‘ona shahriga” avtomobil yo‘lining 5 kilometrida joylashgan, uzunligi 165 metr, eni piyodalar yo‘lagi bilan 24 metrdan iborat yo‘l o‘tkazgich qaytadan bunyod etildi.
To‘la ta’mirlash ishlari davomida yo‘l o‘tkazgich usti gidro himoyasi, usti qoplamasi, chetki to‘siqlar, yoritish ustunlari, jami 32 ta oraliq qurilmalar yangisiga almashtirildi. Mazkur qurilish ishlari uchun 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Farg‘ona ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan sifatli qurilish ishlari bajarildi. Mazkur yo‘l o‘tkazgichning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Hojiqo‘zijon Isaqov qisqa fursat ichida ta’mirdan chiqarilgan bu inshoot bayram arafasida aholi uchun munosib tuhfa bo‘lganligini ta’kidladi. Bir kunda 22 ming avtomashinalar harakat jadalligiga ega bo‘lgan ko‘prikning foydalanishga topshirilishi tufayli Marg‘ilon shahri, Toshloq, Yozyovon tumanlari aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratildi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA