Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada yirik avtomobilsozlik majmuasi quriladi
16:03 / 2024-06-20

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida Xitoyga borgan delegatsiya tomonidan Pekin, Shanxay shaharlari, Shandun, Chjetszyan, Szyansu, Shansi, Shensi provinsiyalarida muzokaralar o‘tkazildi. O‘zaro hamkorlikka oid umumiy qiymati 1,92 milliard dollardan ziyod 10 ta hujjat imzolandi.

Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Jumaboyev ma’lum qildi.

O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari  ko‘lami yildan yilga kengaymoqda. Buni hududlararo aloqalar faollashayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, Farg‘ona viloyatida xitoylik investorlar bilan ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki tomonlama sa’y-harakatlar samarasida yangi kelishuvlarga erishilayotgani, investitsiyalar hajmining oshayotgani quvonarlidir. Viloyat delegatsiyasining bu galgi tashrifi ham shunday bo‘ldi. 

“China Xiaou Group” kompaniyasi bilan viloyat hududida 3 bosqichda 1,5 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyasi hisobiga yirik avtomobilsozlik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha Xitoyning yirik kompaniyalaridan biri “SUS Enviroment” rahbari Chju Syanping bilan uchrashuvda dastlabki qiymati 100 million dollar, kunlik quvvati 2000 tonna bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlash loyihasi yuzasidan anglashuv memorandumi imzolandi. Yaqin muddatda kompaniya vakillari Farg‘onada loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni amalga oshirishga kirishadi. Shunisi e’tiborliki, kompaniya qayta ishlash uchun zaruriy barcha texnologiyalarni o‘zi ishlab chiqaradi.

Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Gan boshchiligidagi Futszyan rasmiylari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki hudud o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 

Avtomobilsozlik, neft va gaz sanoati, mashinasozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, turizm, oliy ta’lim sohalarida Xitoyning yetakchi hududlaridan biri bo‘lgan Shensi provinsiyasida 40 million aholi istiqomat qiladi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsion hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar, turizm, sport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalarida hamkorlik bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. 

110 ta oliygoh, 1800 dan ziyod tadqiqot va rivojlantirish (R&D) markazlari joylashgan Shensi provinsiyasi bilan viloyat o‘rtasida oliy ta’lim, kadrlar tayyorlash hamda ilmiy sohalarda hamkorlik bo‘yicha ish tashkil etilishiga ham kelishib olindi. Ikki hudud yoshlari o‘rtasida doimiy ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazib borilishi belgilandi.

Delegatsiya vakillari Shensi provinsiyasining Linfen shahridagi Iqtisodiy rivojlanish hududidagi Ganting sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdi. 13 ming gektar hududda barpo etilayotgan ushbu sanoat zonasida hozirgi kunda 2 ming 600 gektar maydonda 400 ta ishlab chiqarish korxonasi faoliyat olib bormoqda. Xitoyga xos bo‘lgan ushbu modeldagi sanoat zonasida ishlab chiqarish uchun bino inshootlar sanoat zonasi direksiyasi tomonidan barpo etiladi hamda tadbirkorlarga ijara asosida beriladi. O‘zining mablag‘iga ega bo‘lgan kompaniyalar ishlab chiqarish binolarini o‘zlari ham qurib olishlari mumkin. Ushbu hududdagi korxonalarning 75 foizi tayyor qurib berilgan binolarda ijara asosida ish olib boradi.

Direksiya tarkibida qurilish, investitsiyalarni jalb qilish, hududni obodonlashtirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida ekologiyani muhofaza qilishga ixtisoslashgan kompaniyalar mavjud. Ular sanoat zonasining samarali ishlashi uchun xizmat qiladi.

Sanoat zonasi rahbarlari bilan o‘tkazilgan muloqotda zona faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq jihatlar, mavjud qonunchilik normalari, tadbirkorlik sub’ektlari bilan shartnomaviy munosabatlar borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu yerda maishiy jihozlar uchun kompressorlar hamda avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchi “Huaxiang Group”, hovlilarda, dalalarda oqova va sizot sho‘r suvlarni hamda sanoat korxonalarida ishlatilgan suvlarni tozalash texnologiyalari ishlab chiqaruvchi “Lingzhi Enviromental protection”, eng zamonaviy quyosh panellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Linfen Jingxu New Energy Technology” kabi kompaniyalar korxonalarining ishlab chiqarish jarayonlari hamda mahsulotlari bilan tanishdi, kompaniyalar rahbarlari bilan Farg‘onada ishlab chiqarish loyihalari tashkil etish istiqbollari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Viloyat rahbari ushbu sanoat zonasida joylashgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududida maxsus transport vositalari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishayotgan “Zhongke Shangsheng New Energy Vehicle” kompaniyasi ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘ldi. Kompaniya rahbari Li Min bilan muloqot qildi, viloyatda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan transport vositalarini bevosita ko‘zdan kechirdi. Ushbu kompaniya viloyatda shuningdek, binolar va xonadonlar uchun innovatsion tayyor holdagi devor, shift va yer qoplamalari ishlab chiqarish loyihasini ham amalga oshirishni rejalashtirgan.

Xitoy milliy qurilish materiallari kompaniyalari guruhi (SNBM) tarkibiga kiruvchi “China Triumph International Engineering” kompaniyasi rahbari Ma Liyun bilan uchrashuvda viloyatda qiymati 15 million dollar va kunlik quvvati 800 tonna bo‘lgan toblangan oynalar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.

“Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock” kompaniyasi raisi Vang Shinting bilan o‘tkazilgan uchrashuvda avval kelishilgan Farg‘ona shahrida mahalliy hamkor “Hamkor Group” MCHJ ishtirokida qiymati 11 million dollar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalari, xususan, 100 ta terim mashinalarini yig‘ish loyihasini joriy yil iyun oyida amalga oshirishni boshlashga kelishildi. Loyihaning ikkinchi bosqichida bug‘doy o‘rish va mavsumiy sabzavotlar yig‘ish mashinalari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish va mutaxassislarni tayyorlash markazini ishga tushirishga kelishib olindi.

Ko‘prik va yo‘llar qurishda Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Shaanxi Road & Bridge Group” ta’sischisi Shi Chan bilan o‘tkazilgan muzokaralarda viloyat hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida pullik avtomobil yo‘llari barpo etish, shuningdek, Farg‘onadan Toshkentga Tojikiston orqali xalqaro pullik avtomobil yo‘li qurish loyihalari muhokama qilindi, bu borada birgalikda ish tashkil etishga kelishib olindi.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri