French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada “yashil energetika” sohasida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda
16:55 / 2025-01-09

Mamlakatimizda toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish muhim vazifa sifatida belgilangan. Farg‘ona viloyatida “yashil energetika” sohasida ham ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz o‘tgan yili 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrifi chog‘ida O‘zbekiston tumanida Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk elektr energiyasi saqlash tizimi qurilishi loyihasini boshlab bergandi. Qisqa muddatda zamonaviy elektr energiyasi saqlash tizimi qurib bitkazilgani bugungi va ertangi kunimiz uchun muhim voqea bo‘ldi. Bu masalaning bir jihati. Boshqa tomondan esa yangi loyiha orqali chekka hududga yangi hayot, farovonlik, bunyodkorlik an’analari kirib keldi. Suv yetib bormagan ovloq joylarda obihayot chiqarildi, yangi yo‘llar yotqizildi, infratuzilma tarmoqlari tortildi. Yangi loyiha mamlakatimizda birinchi tarmoqqa ulangan batareya energiya saqlash tizimi bo‘libgina qolmay, Markaziy Osiyodagi eng yirik energiya saqlash omboridir. Elektr energiyasini batareyada saqlash, ayniqsa, qishda qo‘l keladi. Kunduzi yuklama past bo‘lgan vaqtda tizimni quvvatlantirish, yuklama yuqori bo‘lganda uni bo‘shatib, tizimdagi muvozanatni saqlashga yordam beradi. Noqulay ob-havo sharoitida ham elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish xususiyatiga ega. 

Soha rivoji yo‘lidagi islohotlar davomi sifatida Beshariq tumanida 500 megavattli quyosh fotoelektr stansiyasini qurishga start berildi. Loyiha qiymati 350 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyani tashkil etadi. Buning uchun 1060 gektar cho‘l hududidan yer ajratildi. Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi investorligidagi loyihaning qurilish-montaj ishlari Xitoyning “China Western Pover industral” kompaniyasi va mahalliy tashkilotlar tomonidan bajariladi. Loyiha natijasida 1 million 100 ming kilovatt soat yoki 458 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqarish, 333 million kub metr tabiiy gazni tejash mumkin hamda 462 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishining oldi olinadi. 

Suv resurslaridan foydalanib muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarish borasidagi loyihalar aholi og‘irini yengil qilmoqda. Alohida qabul qilingan dastur doirasida Farg‘ona tumanida 2 ta kichik GES barpo etildi. Shohimardon qishlog‘ida qurilgan 2,2 megavattli va Yuqori Vodil qishlog‘idagi 430 kilovattli stansiyalar yiliga 13 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Buning hisobiga 3,5 million kub metr tabiiy gaz sarfining oldi olinadi. E’tiborlisi, bu yo‘nalishlar uchun kerakli quyosh panellari bilan bog‘liq zarur jihozlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 

Quvasoy shahrida “Blue carbon” qo‘shma korxonasida panellar, yoritish uskunalari hamda ularni quvvatlovchi batareyalar tayyorlanyapti. Natijada import hajmi kamaydi, mahsulot tannarxi arzonlashdi, sifati yaxshilandi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga barpo etilgan korxonada yiliga 200 megavatt quyosh paneli, 150 ming dona 30-40 turdagi 30-120 vattgacha bo‘lgan quyosh panelli ko‘cha chiroqlari ishlab chiqariladi. Loyiha natijasida yiliga 10 million dollarlik mahsulotni Yevropa, Afrika, MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilmoqda. 

Joriy yilda esa bu boradagi ishlarning ko‘lami yanada ulkan. Zero, mamlakatimizda iqtisodiy, ekologik jihatdan samarali bo‘lgan “yashil energetika” sohasida islohotlar hududlarda ham o‘z samarasini bermoqda. 

M.Sulaymonov, O‘zA