French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada yangi korxonalar taqdimoti (+video)
14:42 / 2024-07-17

O‘zbekistonda muqobil, masalan quyosh elektr quvvatlarini ishlab chiqarishni umumxalq harakatiga aylantirish lozim. Chunki? Mamlakat aholisi keskin oshib boryapti. Taklif va ehtiyoj mutanosibligini ta’minlashda har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin. Va bu, avvalo, uning o‘ziga foydali. Buning uchun, avvalambor, hovli, kam ehtiyojli xonadon, ko‘cha chiroqlarini quyosh panellari zimmasiga yuklang-a! Siz har qanday sharoitda uzluksiz elektr ta’minoti va hamyondagi mablag‘ tejalganini sezasiz.

Bu ishni shu bugunoq boshlashingiz uchun Quvasoyda xitoylik hamkorlar bilan “BLUE CARBON” korxonasi tashkil etildi va u sifatli, ammo arzon quyosh panellarini ishlab chiqara boshladi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov uning tantanali taqdimotida ishtirok etdi. Duogo‘ylar bo‘lgan otaxonlar hamrohligida ramziy lenta qirqildi. Shu daqiqadan konveyer va robotlar ishga tushdi.

– Loyihaning umumiy qiymati 15 mln. AQSH dollari bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya, – deydi Quvasoy shahar hokimi o‘rinbosari Salimjon Nishonqulov. – Hozir 150 dan ortiq yoshlar ish bilan band bo‘ldi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 20 nafar bitiruvchilarini ham ishga oldik.

Quvasoyda ishlab chiqarilayotgan quyosh panellari mikrotizimi eng zamonaviy nur sezgich yarim o‘tkazgichlarga asoslangan. Shuning uchun ular avvalgilariga nisbatan quyosh nurlaridan tez va ko‘p quvvat yig‘a oladi.

– Loyiha quvvatiga ko‘ra, 172 ming dona ko‘cha chiroqlari, 450 ming dona quyosh panellari va 450 ming dona batareyalar yig‘ildi, – deydi Salimjon Nishonqulov.

Taqdimot chog‘ida viloyat hokimi ishonchli va sifatli quyosh batareyalaridan keng foydalanish elektr quvvatlarini tejashi haqida gapirar ekan, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida muqobil energiya iste’molning 20-30 foizini tashkil etadi, dedi. Quvasoydagi mazkur korxona mahsulotlari Farg‘ona viloyatidagi elektr tizimiga uyg‘unlashishi shubhasiz.  

Shu kuni “Quvasoy” sanoat zonasida yana bir, hali muqobili uchramagan xizmat ko‘rsatish korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Bu – buyurtmaga ko‘ra ovqatlar majmuasini pishirib yetkazib beradigan “GARDEN CATERING” korxonasidir.

Uning muassislaridan biri Adem Yildirim Turkiyada, Istambulda juda katta tarmoqni boshqaradi.

– Bolaga 1200-1800 kaloriya kerak, bir kunda, – deydi u. – Kattalarning esa 2000-3000 kalloriyaga ehtiyoji bor. Ilmiy xulosalar shundayki, meva-sabzavotdan uning 70 foizi olinsa, 30 foizi go‘shtli ovqatdan olinishi lozim. Tarozining qaysi pallasi buzilsa ham iste’molchiga zarar: yo semirtirib yuboradi yoki holsizlantiradi.

“GARDEN CATERING” tayyorlagan o‘ttiz xildan ziyod taomlar, yana bir olam salat va shirinliklardan bolalardan tortib, kattalargacha yetarli kaloriya beruvchi nonushta, tushlik, kechki taomlar majmuasi tuziladi.

– Biz buyurtma asosida korxonalar ishchi-xodimlari, kasalxona, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun bir kunda 50 ming ovqat to‘plamini tayyorlab yetkazib bera olamiz, – deydi turk tadbirkori.

Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Hatto, ovqat haroratini ikki soatgacha saqlay oladigan tashish kontenergacha mavjud.

Mazkur xizmat ko‘rsatish korxonasi birinchi kundanoq faoliyatini boshladi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/LO3a9TaHdp8?si=pChHn_wteevu_7kX" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA