O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy savdo aylanmasida miqdori jihatidan Xitoy birinchi o‘ringa chiqdi. Bu, albatta, mamlakatdagi qulay investitsion muhit bilan bog‘liq.
Farg‘ona viloyati esa 2024 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning Xitoydan eng ko‘p xorijiy investitsiya kiritgan va Xitoyga eng ko‘p eksport qilgan viloyatidir. Bunda, ayniqsa, Xitoy provinsiyalari, kompaniya va firmalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishuvlarning o‘rni katta. Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasining Quvasoydagi hududida bugun ochilgan “CROWN CERAMIC” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi ham shunday muloqotlarning amaliy natijasidir. Endi Quvasoydagi bu korxona yiliga 8,2 mln kvadrat metr keramogranit plitalari ishlab chiqaradi. Agar yiliga 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilsa, uning 30 million dollarligi eksportga yo‘llanadi.
[gallery-25073]
–Mazkur yangi korxona mamlakat sanoat salohiyatini yanada oshiradi, mahalliy xomashyoni qayta ishlash, raqobatdosh mahsulot tayyorlash va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim o‘rin tutadi, – dedi tantanada so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov
Darhaqiqat, korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlasa, 400 nafar yangi ish o‘rni ochiladi.
Tadbir davomida quyosh nuridan olov yoqildi. So‘ngra bu olov mash’alalarga o‘tkazildi va yakunda o‘sha olov bilan texnologik liniya o‘txonasi yondirildi
Yangi korxona ochilishi tantanali tashkil etildi, albatta. Faqat bitta lekini bo‘lmaganida edi... Korxona O‘zbekiston hududida bo‘lib, O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi maqomiga ega, ammo negadir tadbir xitoy tilida boshlanib, xitoy tilida yakunlandi. Ochilish udumlari ham faqat xitoycha edi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/KgL3BSrta8k?si=4Yh1UPmRvlFue0pG" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat,video),
O‘zA