Farg‘ona viloyatida zamonaviy smart-kartalar va noutbuklar ishlab chiqaruvchi yangi korxona qurilishi yakuniy bosqichga yetdi. Bu haqda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov quyidagilarni gapirib berdi:
– Keyingi yillarda mamlakatimiz elektrotexnika sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Bunda sohada qator investitsion loyihalarning amalga oshirilishi va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan imkoniyatlar muhim omil bo‘layotir.
Farg‘ona viloyatida zamonaviy smart-kartalar va noutbuklar ishlab chiqaruvchi yangi korxona qurilishi ham ulardan biridir.
Loyiha Xitoyning “Oman-China Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti va u elektrotexnika sanoatining rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu korxona nafaqat import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali mahalliy sanoatni rivojlantirishga keng yo‘l ochadi.
Loyiha doirasida ishlab chiqarish liniyalari uchun texnologik uskunalar xarid qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, yaqin kunlarda bu korxonaning ishga tushirilishi kutilmoqda.
Kuni kecha “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va “Oman-China Investment” kompaniyasi mas’ullari ishtirokida loyihaning tatbiq etilishiga bag‘ishlangan uchrashuvda bu borada amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida so‘z bordi. Uchrashuvda korxona qurilishidagi yangiliklar, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarishni sertifikatsiyalash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar loyiha bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirish va rejalashtirilgan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi.
Shuningdek, Xitoy kompaniyasi ta’lim sohasida ham bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Joriy yilda Nukus shahrida xalqaro universitet faoliyat ko‘rsata boshlagan bo‘lsa, kelgusi yilda Farg‘ona shahrida xalqaro universitet va maktab ochilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash kerakki, mazkur loyiha nafaqat elektrotexnika sanoatini rivojlantirishda, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirishda muhim qadam bo‘lib, Farg‘ona viloyati iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ta’lim va innovatsiya sohasidagi tashabbuslar orqali mintaqada ilm-fan hamda kadrlar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan amaliy ishlarning namunasiga aylanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA