Mamlakatning qaysi hududida bo‘lmang, “Yangi O‘zbekiston” shaharchalari qurilmoqda. Farg‘onada ham shunday. Birinchi bosqichning o‘zida 192 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalangan edi. Ularning aksariyati foydalanishga topshirildi.
Asrlar davomida adirlik bo‘lgan yerlar bugun jannatmisol obod va ko‘rkam, bir yonda bir-biridan go‘zal binolar bo‘lsa, bir yonda shaharchani kesib o‘tuvchi yashil belbog‘ – bog‘ bunyod etilgan. Shohimardon tog‘laridan kelayotgan g‘ir-g‘ir shabodadan bahri dilingiz yayraydi. Quruvchilarning o‘zlari ham mehnati natijasini, odamlarning roziligini ko‘rib quvonishmoqda.
- Ekoshahar hududida uchta ko‘p qavatli uy qurdik. Ulardan ikkitasini foydalanishga topshirdik. Aholi ko‘chib kirib yashayapti, - deydi “Optim” MCHJ rahbari Dilmurod Isakov. – Uylar atrofida maktab, bog‘cha, shifoxona, bolalar maydonchalari bor. Ko‘chalarning eni 80 metr. Piyodalar yo‘laklari, velosiped yo‘lagi bor.

Ekoshahardagi xonadonlar havas qilsa arzigulik. Loyihadagi mukammallik, qurilishdagi sifat uyg‘unlikda aholini o‘ziga tortgan. Qolaversa narxlari ham qimmat emas.
- Qurilayotgan uylar tayyor holatda topshirilyapti. Ya’ni sotib olgan xaridor shu zahoti ko‘chib kirib yashayveradi. 1 metr kvadrati 5.5 mln. so‘mdan, - deydi Dilmurod Isakov.

Darhaqiqat, har bir ko‘p qavatli uy oldida bolalar uchun qulay hamda chiroyli o‘yin maydonchalari qilingan. Kattalar suhbat qurib o‘tirishi uchun esa milliy uslubda ayvon va peshayvonlar bor. Avtoturargoh ham hisobga olingan.
Ekoshahar barcha ijtimoiy sharoitlarga ega. Maktab binolari so‘nggi, mukammal loyihada qurib bitkazildi. Sinf xonalari keng, yorug‘. Oshxonasidan to sport zallarigacha, musiqa, qizlar gimnastika xonalarigacha mavjud.

Maktabgacha ta’lim muassasalari esa birinchi bo‘lib ish boshlagandi. Haligacha Farg‘onada bu yerdagi kabi sharoitga ega bino bo‘lmagan. Har jihatdan mukammal.
70 gektarda bog‘ yaratilgan bo‘lib, dastlab ekilgan daraxtlar allaqachon bo‘y cho‘zib soya tashladi.
Ekoshahar markazida ulkan amfiteatr qurildi. Ommaviy tadbirlar shu yerda o‘tadi. Sun’iy ko‘l esa rohatijon. U suzuvchi bolajonlarga bag‘rini ochgan. Qolaversa atrof ob-havoni yumshatadi.

Shu kunlarda milliy va o‘ziga xos zamonaviy me’moriy yechimdagi g‘oyat go‘zal masjid ham qurilmoqda. Aslida Farg‘onaning ekoshahariga eng munosib bahoni uning aholisi beradi.
- Yaqinda ko‘chib keldik. Sharoitlar juda yaxshi. Ob-havo toza. Bu yerda gaz ishlatishmaydi, faqat elektr quvvati bilan isitiladi, ovqat xam plitada qilinadi, - deydi uylarning bir yashovchisi Dildora Muhammadiyeva. – Ekoshahar bo‘lgani uchun atmosfera har doim toza. Gazdan zaharlanish degan gaplar umuman yo‘q.
Ishlatayotgan elektr energiyasi haqining ellik foizini bizga imtiyoz qilib berishgan. Ya’ni 50 foizini biz, 50 foizini davlat to‘lab beradi.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/aV_suZ0jD2g" title="Farg‘onada yangi Farg‘ona" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Endi xulosa qiling, davlat rahbari qat’iy irod qilmaganida Farg‘onaning Ekoshahari kabi betakror manzillar bunyod etilarmidi?
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA