Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha shahar, tuman sudlari tomonidan 623 nafar ayollarga nisbatan 561 ta jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, 298 ta jinoyat ishi bo‘yicha 350 nafar ayollarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. Bu haqida Farg‘ona viloyati sudi raisi Shuhratjon Kamolov xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasidagi axborotida ma’lum qildi.
Statistik ma’lumotlar tahlili Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari, Oltiariq, Quva, O‘zbekiston tumanlaridagi mutasaddi tashkilot rahbarlarining ayollar jinoyatchiligini oldini olish borasidagi faoliyati bugungi kun talabi darajasida tashkil etilmaganligini ko‘rsatmoqda.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2021 yil 6 maydagi hukmiga ko‘ra, F.Tursunova Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi (o‘g‘irlik) bilan sudlanib, unga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sudlangan F.Tursunovaning shaxsi o‘rganilganida ishsiz, qaramog‘ida esa ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi aniqlandi.
Bu ayolning jinoyat sodir etishiga moddiy tomondan yetishmovchilik sabab bo‘lganligi, bu esa uning muammolariga o‘zi yashab kelgan mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan yetarlicha e’tibor qaratilmaganligidan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash hamda xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limlari tomonidan ayollarning muammolarini o‘rganish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar samarali yo‘lga qo‘yilmaganligidan dalolat beradi.
Shuningdek, o‘tgan davrda 1 ming 993 nafar yoshlarga nisbatan 1 ming 663 ta jinoyat ishi sudlar tomonidan mazmunan ko‘rib hal etilgan bo‘lib, shundan 181 nafarini voyaga yetmaganlar tashkil etgan.
Jumladan, voyaga yetmaganlarning 12 nafari qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, 11 nafari qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, 9 nafari yengil tan jarohati yetkazish, 19 nafari talonchilik, 17 nafari firibgarlik, 100 nafari o‘g‘irlik, 4 nafari transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, 9 nafari bezorilik jinoyatlarni sodir etgan.
M.Sulaymonov, O‘zA