Farg‘ona viloyatida 2021 yil yakuni bilan jami xizmatlar hajmi 17,8 trillion so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan o‘sish 120 foiz bo‘ldi va bu respublika ko‘rsatkichidan ham yuqorilagani alohida e’tirofga loyiq.
Xizmatlar sohasining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetib, 1,8 trln. so‘mlik 5 ming 802 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyihalar doirasida mobil xizmat (fud trak), aholiga oziq-ovqat yetkazib berish, transport vositalari ijarasi, onlayn kredit kabi jahon andozalariga mos xizmat turlari hayotga tatbiq etildi.
— Xizmat ko‘rsatish sohasida qariyb 25 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi va viloyatda ish bilan band aholining 48,1 foiz ulushi ushbu sohaga to‘g‘ri kelmoqda, — deydi Farg‘ona viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi Xizmatlar sohasini rivojlantirish va iste’mol tovarlari narxini monitoring qilish va innovatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Abrorjon Xoliqov. — Aytish kerakki, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, transport, ta’lim va moliyaviy xizmatlar jadal rivojlanyapti.
Farg‘ona va Qo‘qon shahri, Quva, Rishton va Beshariq tumanlarida loyiha-tahlil markazlari tashkil etilib, biznes-rejalar ishlab chiqish, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va tadbirkorlikni boshlashgacha bo‘lgan barcha jarayonni qamrab olgan kompleks xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
Viloyat shahar-tumanlarida 27 ta ko‘cha tanlab olindi va savdo hamda dam olish markazlari tashkil etildi. Umuman olganda, o‘tgan yili viloyatda aholiga sifatli servis va savdo xizmatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida 29 ta yirik savdo kompleksi va supermarketlar ishga tushirilishi natijasida 800 nafardan ko‘proq yigit-qizlar muqim ish o‘rniga ega bo‘ldilar.
Joriy yilda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat ko‘rsatishni iqtisodiyotning “drayveri”ga aylantirish uchun aniq manzilli, mohiyatan dolzarb vazifalar belgilangan. Xususan, mahallalarda xizmat turlarini ko‘paytirish, shu jumladan, 18 xil turdagi xizmat ko‘rsatish shaxobchalarini tashkil etish maqsadida umumiy qiymati 4,7 trln.so‘m bo‘lgan 3881 ta loyihalar amalga oshiriladi va 69 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA