FOTOREPORTAJ
Shu kunlarda Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” tennis korti ATF 12 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan xalqaro musobaqaga mezbonlik qilmoqda. Terma jamoalar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionatiga saralash bosqichini o‘tab beruvchi mazkur bellashuvda mamlakatimiz sportchilari bilan birga, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida so‘z olganlar, bugun Prezidentimiz tomonidan sportning barcha turlari qatori tennisni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur turnir kelgusida o‘zbekistonlik o‘g‘il-qizlarni yangi marralar sari yetaklashiga umid bog‘lashdi.
[gallery-23923]
– Bugun yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan olimpiya sport turlari tasnifiga kiruvchi tennisni rivojlantirishga berilayotgan katta e’tibor uchun minnatdorchilik bildiraman, - deydi O‘zbekiston tennis federatsiyasi vakili Aleksand Bagdasarov. – Hozirda sportchilarimiz zamonaviy kortlarda, malakali murabbiylar ko‘magida mahoratini oshirib borishda. Bevosita ushbu turnirga kelsak, Farg‘onada juda yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rilgan. Ishonamanki, musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari yuqori natijani qayd etib, Markaziy Osiyo chempionati ishtirokchisiga aylanadi.
Musobaqaning dastlabki kunidanoq shiddatli bahslar boshlandi. Faqatgina g‘alaba qozonish uchun kortga chiqayotgan tennischilar, har bir vaziyatdan unumli foydalanishga harakat qilmoqda. Hozirgacha O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston vakillari peshqadam bo‘lmoqda.
Musobaqa 18 iyun kuni yakuniga yetadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA