English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘onada xalqaro mablag‘lar hisobiga istiqbolli qishloq xo‘jaligi loyihalari amalga oshirilmoqda
10:00 / 2026-02-28

FOTOREPORTAJ

Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jaligini zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirishda xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan samarali foydalanish ishlari izchil davom etmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2022-yil 13-yanvardagi qarori asosida Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda agentlik hamkorligida tashkil etilgan press-turda ma’lum qilinganidek, so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida agentlik mablag‘lari jalb etilgan 29 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Ularning umumiy qiymati 73,7 mlrd so‘mni tashkil etdi, shundan 40,8 mlrd so‘m agentlikning uzoq muddatli va imtiyozli kredit mablag‘laridir.

Xususan, mazkur mablag‘lar parrandachilik, baliqchilik va qoramolchilik tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan 13 ta loyihani qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash, zamonaviy texnika va asbob-uskunalar xaridi uchun qariyb 15 ta loyiha moliyalashtirildi. Muhim jihati, muqobil energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha 5 ta loyiha ham qo‘llab-quvvatlandi.

E’tiborlisi, ushbu jarayonda 10 ta ayollar va yoshlar boshqaruvidagi chorvachilik xo‘jaliklariga jami 12,6 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Farg‘ona shahridagi Soy bo‘yi mahallasida joylashgan “Status Soft” oilaviy korxonasi 2024-yilda Mikrokreditbank tomonidan 1 mlrd 50 mln so‘m kredit bilan ta’minlandi. Bu mablag‘ evaziga forel balig‘ini intensiv usulda yetishtirish uchun zarur uskunalar va muzlatkich jihozlari o‘rnatildi. Hozirda 26 ta sun’iy havzada yiliga 100–120 tonna baliq yetishtirish imkoniyati yaratilgan.

— Ayni paytda baliqchilik maktabi va laboratoriya tashkil etishni rejalashtirganmiz. Qisqa muddatli o‘quv kurslari orqali forel yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribani ommalashtirish maqsad qilingan, - deydi korxona rahbari Umid Madaminov.

Loyiha iqlimga mos yo‘nalishda amalga oshirilgani va rahbar ayol tadbirkor ekanligi inobatga olinib, Yevropa Ittifoqi tomonidan 315 mln so‘m grant mablag‘i ajratildi. Bu mablag‘ evaziga 40 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi.

Shuningdek, Farg‘ona tumanidagi “Jaloliddin G‘oipov” fermer xo‘jaligiga Hamkorbank orqali 300 mln so‘m kredit ajratildi. Natijada sug‘orish qudug‘i quyosh energiyasi bilan ta’minlanib, fermer har oy 6–8 mln so‘m elektr energiyasi xarajatini tejaydi va ortiqcha quvvatni shartnoma asosida tarmoqlarga sotmoqda.

Farg‘ona tumanidagi “Yordon” chorvachilik fermer xo‘jaligi ham agentlikning 1 mlrd so‘mlik krediti hisobiga 91 gektar yerda tomchilab sug‘orish tizimini joriy qildi. Bu orqali ozuqa bazasi mustahkamlanib, sutchilik tarmog‘i kengaytirilmoqda.

[gallery-27910]

Shu tariqa, Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar Farg‘ona viloyatida agrosanoat majmuasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA