FOTOREPORTAJ
Yurtimizda “Ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida Farg‘onada viloyat hokimligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi hamkorligida “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona davlat universiteti zalida tashkil etilgan tadbirda Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi, Adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari, Farg‘ona shahrida joylashgan masjidlarning imom-xatiblari va noislomiy diniy tashkilotlar rahbarlari, viloyatdagi nemis, slavyan, tatar, qirg‘iz, koreys, tojik, turk milliy madaniy markazlari rahbarlari va a’zolari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-14621]
Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi “Bag‘rikeng diyor” nomli fotoko‘rgazma namoyishi bilan boshlangan tadbirni ochib bergan viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Hotamov yig‘ilganlarni Xalqaro bag‘rikenglik kuni bilan tabriklab, chinakam insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori bo‘lgan O‘zbekiston zaminida Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan oqilona davlat siyosati natijasida 130 dan ortiq millat va elat vakili o‘zaro tinch va ahil yashab, hamkorlik, hamfikrlik va hamjihatlikda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini qayd etdi.
4 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Farg‘ona viloyatida 400 ming atrofida o‘nlab millat va elat vakili millatlararo totuvlikda, og‘a-inilik rishtalari bilan bog‘langan holda ahil hayot kechirayotgani, viloyatda 8 ta – rus, tojik, tatar, nemis, qirg‘iz, yahudiy, koreys va turk milliy madaniy markazi, 15 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat olib borayotganiga e’tibor qaratildi.
Tadbir Milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari tomonidan tayyorlangan “Bag‘rikenglik ohanglari” nomli konsert dasturi bilan davom etdi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA